Xotinini to‘yga yubormaslik uchun yerto‘laga qamab qo‘ygan sobiq harbiy qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahar Yashnobod tumanida xotinini to‘yga yubormaslik uchun yerto‘laga qamab qo‘ygan 41 yoshli sobiq harbiy 3 yilga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, 1984 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Sh.O. (harbiy nafaqaxo‘r) 2025 yil 26 iyul kuni soat 23:30 larda Yashnobod tumani, “Qalqon” MFYdagi xonadonida turmush o‘rtog‘i G.S. ni Samarqand viloyatidagi qarindoshlarining to‘yiga yubormaslik uchun zo‘rlik ishlatib, o‘zi yashovchi ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga olib tushgan va 1 sutka davomida suv va oziq-ovqat bermasdan, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi Sh.O. 2025 yil 31 avgust kuni soat 00:30 larda o‘g‘li uning bank plastik kartasini blokka tushirib qo‘yganini vaj qilib, turmush o‘rtog‘i G.S. ni tanasining turli joylariga qo‘llari va telefon quvvatlash moslamasining simi bilan do‘pposlab, sog‘liqni qisqa vaqt buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, G.S. ning tanasida o‘ng va chap yelkalarda, chap tirsakda, o‘ng va chap bilaklarda, o‘ng yelkada va chap ko‘krak qafasida ko‘karishlar kabi tan jarohatlari aniqlangan.

2025 yilning 19 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi Sh.O. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning sudda bildirishicha, turmush o‘rtog‘i Samarqandda akasi to‘y qilayotganini va to‘yga borishi kerakligini aytgan. Biroq Sh.O. to‘yga borish uchun to‘yona qilishi kerakligini, shuningdek, boshqa xarajatlar borligini, biroq ular uchun pul yo‘qligini bildirgan va to‘yga bormasligini ma’lum qilgan. Sudlanuvchiga ko‘ra, G.S. uning aytganini qilmay, Samarqandga ketishga uringan, biroq erkak turmush o‘rtog‘ini viloyatga qatnovchi mashinalar turargohidan ushlab olib kelib, yana ketib qolmasligi uchun o‘zi yashovchi ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga qamab qo‘ygan va 1 sutka davomida suv va yegulik bermagan.

Shuningdek, sudda G.S. ham ko‘rsatma berib, o‘rtalarida 4 nafar farzandi borligini, turmush o‘rtog‘i bilan 2016 yildan beri janjallashishini, eri oiladagi yetishmovchiliklarda uni ayblashini bildirgan. Shuningdek, 2025 yil 26 iyul kuni akasining uyida to‘y bo‘layotganini va u yerga borishlari kerakligini aytgan. Biroq Sh.O. to‘yga borish uchun to‘yona qilishi kerakligini bildirgan, G.S. esa to‘yona kerak emasligini aytgan. Shunga qaramay, eri uni to‘yga bormasligini uchun do‘pposlab, zax yerto‘laga qamab qo‘ygan va 1 sutka davomida suv va oziq-ovqat bermagan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a,b” bandlari, 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, jinoyatlar majmui tariqasida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ayoli va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilib, ularni 5 oy davomida majburan molxonada saqlagan erkak 13 yilga qamalgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

zo'ravonlik maishiy zo'ravonlik oilaviy zo'ravonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing