Koreyada xakerlar 120 mingta kamerani buzib, intim videolarni sotdi
Olam
−
02 dekabr 9057 2 daqiqa
Janubiy Koreya politsiyasi uylar va shifoxonalardagi 120 mingta kuzatuv kamerasiga ruxsatsiz kirganlikda gumon qilinayotgan to‘rt nafar shaxsni qo‘lga oldi. Ular qo‘lga kiritilgan intim kontentni xorijiy saytlar orqali sotgan. Bu haqda kecha, 1 dekabr kuni SBS xabar berdi.
Qayd etilishicha, videolarni xarid qilgan uch kishi ham hibsga olingan. Politsiya videolar joylangan saytlarning biriga kirishni cheklashni so‘rab, Koreya Aloqa komissiyasiga murojaat qilgan. Aholiga uy kameralarining parollarini muntazam o‘zgartirib turish tavsiya etilgan. Gumonlanuvchilardan biri A. ismli shaxs bo‘lib, u uy videolari hisobidan taxminan 35 million von ishlab olgan. Yana bir xaker 70 mingta kamerani buzib kirgan va 648 ta video to‘plagan. Buning evaziga esa 18 million von miqdorida kriptovalyutada daromad olgan. Yana ikki figurant – kichik biznes egasi D. va E. videolarni shunchaki saqlagan, ammo tarqatmagan.
Ular, asosan, bolalar yoki uy hayvonlarini kuzatish uchun ishlatiladigan va himoyasi sust bo‘lgan kameralarni buzib kirgan. Bunday kameralar internetga ulanadi, shuning uchun foydalanuvchilar smartfon orqali real vaqt rejimida kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Buzib kirilgan qurilmalarda “0000” yoki “ABCD” kabi juda oddiy parollar o‘rnatilgan bo‘lgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. To‘rt nafar gumondorning uchtasi hibsda saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi 12 oy ichida Germaniya iqtisodiyoti ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, sanoat josusligi va sabotajlar oqibatida 289,2 milliard yevro zarar ko‘rgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi