Korrupsiyaga qarshi kurashda, hatto qarindoshimni ham ayamayman – Japarov
Olam
−
11 mart 4899 2 daqiqa
Bugun, 11 mart kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Jogorku Kenesh majlisida mamlakat hukumatining korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Bu haqda “AKI press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident har qanday shaxs, hatto yuqori lavozimdagilar bo‘lsa ham chora qo‘llanilishini ta’kidlagan.
“Korrupsiyaga o‘rin yo‘q. Biz eng boshidanoq korrupsiyaga va uyushgan jinoyatchilikka qarshimiz. Sizlar buni yaxshi bilasizlar. Hech kimni ayamaymiz”, deydi davlat rahbari.
Prezident, shuningdek, antikorrupsiya siyosati hamma uchun bir xil ekanini, qarindoshlarini ham kechirmasligini aytgan.
“Hatto, yaqin qarindoshlarimni ham kechirmayman. Shu bilan birga, mening qarindoshlarim va farzandlarim davlat xizmatida ishlamaydi, davlat organlarida faoliyat yuritmaydi. Shu sababli xotirjamman”, degan Japarov.
Japarov majlisda korrupsionerlarni tanqid qilib, ular qotil jinoyatchidan ham xavfli ekanini aytgan.
“Agar jinoyatchi bir kishini o‘ldirsa, korrupsioner butun davlatni buzadi. Shu sababli sizlardan korrupsiyaga qarshi kurashishda yordam berishingizni so‘rayman. Agar hukumat vakillari tomonidan o‘g‘rilik yoki korrupsiya sodir etilsa, majlisda ayting. Bu sizning menga qilayotgan yordamingizdir. Hech kimdan qo‘rqmang. Men sizlarni himoya qilaman va yoningizda bo‘laman”, deb murojaat qilgan Japarov deputatlarga.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda yangi tayinlangan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Urmatbek Shamirkanov egallab turgan lavozimidan ozod qilingandi.
Prezident matbuot kotibi yangi vazir nima uchun tayinlanganiga hali bir oy ham bo‘lmay turib ishdan olinganiga izoh berar ekan, bunga uning avvalroq vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab yurgan kezlarida pora olganlikda gumon qilinayotgani sabab bo‘lganini aytgan.
Shundan so‘ng Japarov bugun, 11 mart kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari lavozimiga Qanotbek Chinniboyevni tayinladi.
Live
Barchasi