Kubada energiya inqirozi: samolyotlar endi yonilg‘i quyolmaydi
Olam
−
10 fevral 723 2 daqiqa
Bugun, 10 fevraldan boshlab joriy yilning 11 martigacha Kuba hukumati yetti yirik aeroport, jumladan, Gavana shahridagi Joze Marti xalqaro aeroportida samolyotlarni yonilg‘i bilan ta’minlamaydi. Bu qaror orolda energiya inqirozi kuchayganini bildiradi va mamlakat turizm sohasi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Bu haqda “Ap News” xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, hukumat mazkur qarorni AQSHning neft blokadasi oqibatida orolning asosiy neft manbalariga, xususan, Venesuela va Meksikaga kirishi to‘xtatilganidan so‘ng qabul qilgan. Oqibatda Air Canada va boshqa aviakompaniyalar parvozlarni to‘xtatgan. Shuningdek, ba’zi reyslar Meksika va Dominikan Respublikasida qo‘shimcha yonilg‘i olish orqali davom ettirilmoqda.
Kubaning iqtisodiyoti asosan turizmga tayanadi, bu soha bir vaqtlar yillik 2,5 milliard yevro daromad keltirgan. AQSH sanksiyalari orol iqtisodiyotini 60 yildan ortiq vaqt davomida qiyinlashtirib kelmoqda. Yaqinda Tramp Venesueladan Kuba uchun neft yetkazilmasligini va yangi tariflarni joriy qilishni buyurdi. Bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.
Shuningdek, energiya inqirozi oqibatida Gavana Xalqaro kitob yarmarkasi kabi yirik tadbirlar bekor qilindi, beysbol mavsumi taqvimi qayta tuzildi. Banklar ish vaqtini qisqartirdi, yonilg‘i dollar evaziga va foydalanuvchi boshiga 20 litr bilan cheklangan. Jamoat transporti deyarli to‘xtab qolgan. Aholi esa kuniga 10 soatgacha elektrsiz hayot kechirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan chiqarilgan tarif tahdidlari haqidagi farmonga javoban, Kubada “xalqaro favqulodda holat” e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Farangiz Sunnatova