Livan hukumati “Hizbulloh”ning harbiy harakatlarini taqiqladi
Olam
−
02 mart 3302 2 daqiqa
Bugun, 2 mart kuni Livan hukumati “Hizbulloh”ning harbiy harakatlarini taqiqladi. Qaror guruh Isroilga dron va raketa zarbalari berganidan so‘ng qabul qilingan. Hujum Eron Oliy rahbari o‘ldirilganiga “qasos” sifatida izohlangan va bu hodisa mintaqa bo‘ylab keskinlikni yanada kuchaytirgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Isroil javob tariqasida Bayrut janubidagi “Hizbulloh” nazoratidagi tumanlarga va Livanning boshqa hududlariga kuchli havo zarbalari bergan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, kamida 31 kishi halok bo‘lgan. Mojaro AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari ortidan Tehron tomonidan amalga oshirilgan javob hujumlari bilan bir paytda avj olmoqda.
1982 yilda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ko‘magida tuzilgan “Hizbulloh” bayonotida hujum “Eron Oliy rahbarining pok qoni uchun qasos” ekani aytilgan. Isroil esa eskalatsiya uchun guruhni javobgar deb bilib, uning yetakchisi Naim Qosimni “yo‘q qilish nishoni” deb e’lon qilgan.
Vazirlar Mahkamasi yig‘inidan so‘ng Bosh vazir Navaf Salom “qonuniy institutlar doirasidan tashqari” har qanday harbiy harakatni rad etishini bildirgan. Urush va tinchlik haqidagi qaror faqat davlat qo‘lida bo‘lishi kerakligi urg‘ulangan.
Salom bayonotiga ko‘ra, bu qaror “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatini zudlik bilan taqiqlashni, shuningdek uning qurollarini davlat ixtiyoriga topshirishni talab qiladi. Bu qadam Tehron qo‘llab-quvvatlayotgan guruh bilan munosabatlarda yangi ichki taranglikni keltirib chiqarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livandagi “Hizbulloh” harakati Isroilning Hayfa shahri atrofiga keng ko‘lamli zarbalar yo‘llagani va qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi