Luvrning o‘marilishi bo‘yicha yangi taxminlar paydo bo‘ldi
Olam
−
28 Oktabr 5581 2 daqiqa
Fransiya huquqni muhofaza qilish organlari Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlarning taqdiriga oid ikkita asosiy taxminni ko‘rib chiqmoqda. Jinoyatchilar ularni yashirin joyga berkitib qo‘ygan bo‘lishi yoki buyurtmachi topshirig‘i bilan chet elga olib chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda kecha, 27 oktyabr kuni politsiyaga tayanib, “Europe 1” radiostansiyasi xabar berdi.
Politsiya kasaba uyushmasi vakili Akselya Rondaning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari hali ham talonchilikda ishtirok etgan yana ikki gumonlanuvchini qidirmoqda. Radiostansiyaning qayd etishicha, joriy yilning 25 oktyabr oqshomida qo‘lga olingan gumonlanuvchilar hanuzgacha so‘roq qilinmoqda, ularning hibs muddati esa ikki marta uzaytirilgan. Ikkala shaxs ham hozircha sukut saqlamoqda.
Shuningdek, kecha, 27 oktyabr kuni BFMTV telekanalining xabar berishicha, bu gumonlanuvchilar Luvr talonchiligi sodir etilishidan avval ham huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lum bo‘lgan. “Le Parisien” gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri Fransiya va Jazoir fuqaroligiga ega, ikkinchisi esa kelib chiqishi malilik Fransiya fuqarosi.
Qayd etish joiz, 1793 yilda ochilgan va ilgari qirollik saroyi bo‘lgan Luvr hali ham dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzey bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 oktyabr kuni ish vaqti davomida niqob kiygan jinoyatchilar Luvrga kirib, imperatorlik kolleksiyasiga mansub to‘qqizta eksponatni, jumladan, Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan edi. O‘g‘rilikdan yetgan zarar 88 million yevroga baholangandi.
Bir hafta o‘tib, Luvrdan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan to‘rt kishidan ikki nafari qo‘lga olingan. Ulardan biri Parijdagi Ruassi – Sharl-de-Goll aeroportida, Jazoirga uchadigan samolyotga chiqish paytida hibsga olingan. Ikkinchisi esa Sena-Sen-Deni departamentida qo‘lga olingan.
Parij prokuraturasi gumondorlarning qo‘lga olinganini tasdiqlagan. Lor Bekko, shuningdek, politsiya kuzatuv kameralaridan foydalangan holda, jinoyatchilarning ikki skuterdagi harakat yo‘lini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini bildirgan edi.
Mohichehra Qadamova
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr