Madagaskar Prezidenti mamlakatdan qochib ketdi
Olam
−
14 Oktabr 8734 2 daqiqa
Madagaskar Prezidenti Andri Radzuelina yoshlar namoyishlari fonida mamlakatdan qochib ketdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Parlamentdagi muxolifat yetakchisi Siteni Randrianasoloniaykoning ma’lum qilishicha, Rajoelina 12 oktyabr kuni armiya bo‘linmalarining bir qismi dezertirlik qilib, namoyishchilarga qo‘shilganidan so‘ng Madagaskarni tark etgan.
Prezident ommaviy noroziliklar chog‘ida xalqqa murojaat qilib, o‘z hayotini saqlab qolish uchun xavfsiz joyga ketishga majbur bo‘lganini aytgan. U o‘z joylashuvini oshkor etmagan, biroq “Madagaskarning vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini” ta’kidlagan.
Diplomatik manbaga ko‘ra, Prezident iste’foga chiqishni rad etgan.
Harbiy manbalarning xabar berishicha, Radzuelina 12 oktyabr kuni Fransiya harbiy samolyotida mamlakatni tark etgan. U fransuz mavqedoshi Emmanuel Makron bilan kelishuv asosida evakuatsiya qilingan. Shu bilan birga, Fransiya hukumati Madagaskarning ichki ishlariga aralashmasligini bildirgan.
Makron Madagaskar rahbariga mamlakatdan chiqib ketishda yordam bergani haqidagi ma’lumotlarni hozircha tasdiqlay olmasligini aytgan va mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni saqlashga chaqirgan.
Harbiy manbaga ko‘ra, 12 oktyabr kuni Madagaskardagi Sent-Mari aeroportiga Fransiya armiyasining Casa samolyoti qo‘ngan.
“Besh daqiqadan so‘ng vertolyot kelib, yo‘lovchini Casa samolyotiga olib ketdi”, degan suhbatdosh.
U yo‘lovchi Prezident Radzuelina bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 9 sentyabr kuni Rajoelina norozilik namoyishlari fonida hukumatni tarqatib, bosh vazir Kristian Ntsayni iste’foga chiqargan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, u “xorijiy kuchlar”ni tartibsizliklarga aralashishda aybladi. 6 oktyabr kuni esa u general Rufina Zafisamboni yangi bosh vazir etib tayinladi.
12 oktyabr kuni namoyishchilar Milliy assambleyadan 48 soat ichida Radzuelinaga ishonch bildirish masalasini ko‘rib chiqishni talab qilib, parlamentni tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan. Shu kuni Prezident mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish boshlanganini e’lon qilgan.
Sentyabr oyi oxirida Madagaskarda “Z avlodi” vakillari tomonidan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan edi. Dastlab ular poytaxt Antananarivuda o‘tgan bo‘lib, ishtirokchilar suv va elektr ta’minotidagi doimiy uzilishlardan norozi bo‘lgan. Oradan ko‘p o‘tmay, namoyishlar boshqa yirik shaharlarga ham tarqaldi va ishtirokchilar prezidentning iste’fosi, senat hamda saylov komissiyasini tarqatib yuborishni talab qila boshladi.
Namoyishchilar hukumat a’zolarining uylari, supermarketlar va bank bo‘limlarini vayron qilgan. Politsiya bunga javoban ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarning dastlabki to‘rt kunida kamida 22 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Z-avlodning talabi bilan Nepalning birinchi ayol bosh vaziri tayinlangandi.
Live
Barchasi