Makron iste’foga chiqishdan bosh tortdi
Olam
−
13 Oktabr 5390 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron iste’foga chiqish niyati yo‘qligini va mamlakatda barqarorlikni saqlash uchun ishlashda davom etishini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 13 oktyabr kuni Misrda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
Bu bayonot bir oydan kamroq vaqt davomida o‘z lavozimida bo‘lgan Bosh vazir Sebasten Lekornyu iste’foga chiqqanidan so‘ng yangradi. Ushbu voqea Fransiyada Prezidentning ehtimoliy iste’fosi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. Tanqid nafaqat muxolifatdan, balki Makronning sobiq ittifoqchilaridan, jumladan, sobiq bosh vazir Eduard Filippdan ham kelgan.
“Hech qachon unutmangki, fransuz xalqi bizga bergan mandat: xizmat qilish, xizmat qilish, xizmat qilish, fransuz xalqining savollariga javob berish va Fransiya mustaqilligi uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilishdir”, deydi Makron.
Shu bilan birga, u barqarorlikni “ta’minlash” uchun o‘z lavozimida qolishini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, so‘rovlarga ko‘ra, ko‘pchilik fransiyaliklar ham Prezidentning o‘z lavozimini muddatidan oldin tark etishini istaydi. Allaqachon Fransiyada buni talab qilgan namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Bosimlarga qaramay, Makron o‘z vazifalarini bajarishda davom etish va o‘z mandatini oxirigacha ko‘rish niyatini ta’kidlagan. Uning muddati 2027 yilda tugaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makron joriy yilning 6 oktyabr kuni iste’fo bergan Bosh vazir Sebasten Lekornyuni 10 oktyabr kuni lavozimiga qayta tayinlagandi.
Mohichehra Qadamova