Kim Chen Inning qizi ilk bor Shimoliy Koreyadan tashqariga chiqdi. U nega Pekinda?
Tahlil
−
04 Sentabr 9153 6 daqiqa
Joriy haftada dunyo e’tibori Xitoyga qaratildi. Dastlab Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, keyin esa yirik harbiy parad, unda qatnashgan yetakchilar va namoyish etilgan qurollar muhokamalar markazida bo‘ldi. Bugun esa sizlar bilan bular haqida emas, balki shu tantanalar orasida ko‘rinish berib, tillarga tushgan qizcha haqida gaplashamiz. Bu – Shimoliy Koreya “malikasi”, "mamlakatning bo‘lajak diktatori", deb ishoniladigan 13 yoshlar atrofidagi Chju E.
2 sentyabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pekinga yashil rangli zirhlangan poyezdida yetib kelib, xitoylik rasmiylar bilan qo‘l siqib ko‘rishdi. Ko‘pchilik kuzatuvchilar esa uning orqasida qora kiyimda siyrak tabassum bilan yurib kelayotgan, sochi lenta bilan bog‘langan yosh qizga e’tibor berdi. Gap yetakchining sirli farzandi — Kim Chju E haqida ketmoqda. U yillar davomida turli ommaviy tadbirlarda, asosan, harbiy marosimlarda ko‘ringan. Endi esa u xalqaro sahnada debyut qildi. Uning Pekinda paydo bo‘lishi otasi kelajakdagi vorisini tayyorlayotgani haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.
Yosh qizning birinchi xalqaro safari katta ahamiyatga ega — bu yerda Xitoy rahbari Si Szinpin o‘z harbiy qudratini namoyish etdi, otasi esa u bilan va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yelkadosh turib, kelajakda u ham yo‘l topishi kerak bo‘ladigan hamkorliklarning ramziga aylandi.
Biroq 3 sentyabrdagi tadbirlarda Chju E ko‘rinmadi — otasi harbiy parad uchun Tyananmen maydonida qizil gilamda yurarkan, qizi uning atrofida yo‘q edi.
Noma’lum qiz
Shimoliy Koreya davlat OAVdagi suratlardan tashqari Chju E haqida ma’lumot juda oz. Uning ismi ilk bor sobiq amerikalik basketbol yulduzi Dennis Rodman tomonidan oshkor qilingan. Rodman 2013 yilda Pxenyanga tashrifida Kimning rafiqasi Li Sol Chju bilan suhbatlashganini va chaqaloq qizni qo‘lida ushlab turganini aytgan.
Biroq ba’zi qochqinlar, jumladan, Kubadagi Shimoliy Koreya elchixonasining sobiq diplomatik maslahatchisi Ri Il-Gyu uning ismi Chju E bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.
Qizaloqning tug‘ilgan yili ham bahsli. Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati 2017 yilda parlamentga bergan yopiq ma’lumotida Kimning uch farzandi borligini aytgan: taxminan 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘il, 2013 yilda tug‘ilgan qiz va 2017 yilda tug‘ilgan yana bir farzand. Pxenyan esa hech qachon bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan.
Ko‘pchilik Chju E oiladagi to‘ng‘ich farzand deb hisoblaydi. Masalan, Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Mun Chje In xotiralarida 2018 yil aprelidagi sammitda Kim unga: “Mening ham qizim bor, uning avlodi yadroviy qurollar soyasida yashashini xohlamayman,” deganini yozgan. Kuzatuvchilarning fikricha, agar Kimning to‘ng‘ichi o‘g‘il bo‘lganida, u, albatta, o‘g‘lim deb aytgan bo‘lar edi.
Li Sol Chjuning jamoat tadbirlaridagi yo‘qolib qolishlari ham qizining tug‘ilgan vaqtiga ishora qiladi. U 2012 yilda erining yonida tez-tez ko‘rinish berar edi, ammo o‘sha yili sentyabrdan keyin taxminan 50 kunga ko‘rinmay qolgan. Oktyabr oxirida esa u yuzi va qorni ko‘zga tashlanadigan darajada o‘zgargan holda konsertda paydo bo‘lgan. Bu holat Chju E taxminan 2013 yil yanvar oyida tug‘ilganini ko‘rsatadi.
Propaganda tilining evolyutsiyasi
Chju Ening 2022 yil noyabrida kutilmagan tarzda davlat OAVda Xvason-17 ballistik raketa sinovi paytida otasi qo‘lidan ushlab turgan holda paydo bo‘lishi butun dunyoda sensatsiya uyg‘otgan edi. O‘shanda u oq kurtka kiygan qizaloq sifatida namoyon bo‘lgan edi. Keyinchalik esa u davlat OAVida ko‘proq ishonchli va nufuzli qiyofada namoyon bo‘lib, Kim Ir Sen maydonidagi harbiy paradda otasi yonida turdi, so‘ngra Rossiya Madaniyat vaziri ishtirok etgan konsertda uning yonida o‘tirdi.
Chju Ening imiji Shimoliy Koreya propagandasida ham bosqichma-bosqich o‘zgardi.
- 2022 yil noyabrda u “sevikli qiz” sifatida tanishtirildi. Bir necha kundan keyin esa uni “qadrli qiz” deb atashdi;
- 2023 yil fevralda harbiy parad haqidagi hisobotda u “hurmatli qiz” sifatida tilga olindi;
- 2024 yil martda esa u otasi bilan birga “yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi buyuk shaxslar” deb nomlandi, bu ibora avval faqat yetakchiga nisbatan ishlatilar edi;
- Joriy yil may oyida Rossiya elchixonasidagi tadbirda esa u “eng aziz qiz” sifatida taqdim etildi.
Bundan tashqari, Pxenyan Chju Ening otasi bilan turgan yoki askarlar bilan birga suratga tushgan markalarini ham chiqardi.
Qo‘shimcha aksessuardan — markaziy qahramongacha
2022 yilda Chju Ening birinchi chiqishi otasini ulug‘lovchi propaganda sahnasining bir qismi edi. Ammo bir yil ichida u orqa fonda emas, balki markaziy qahramon sifatida ko‘rina boshladi.
2023 yil avgustda Shimoliy Koreya dengiz kuchlari qarorgohida u qizil yo‘lakdan otasi bilan yurib o‘tdi. Qizi ortida esa partiya va harbiy yetakchilar yurib kelardi. Rasmiy nutq nusxasi esa harbiy qo‘mondonlar oldiga emas, balki Chju Ening oldiga qo‘yildi.
2023 yil sentyabrdagi harbiy paradda u otasi yonidagi ikki asosiy o‘rindiqdan birini egalladi. Dekabr oyida esa havo kuchlari kuni munosabati bilan chiqarilgan rasmiy suratlarda Chju E otasidan oldinda turib, yanada ko‘zga tashlandi.
2025 yilda esa u diplomatiyaga qadam qo‘ydi. 9 may kuni Rossiya elchixonasida o‘tkazilgan tadbirda u “eng aziz qiz” sifatida tanishtirildi. Bir oydan keyin Rossiya Madaniyat vaziri Olga Lyubimova qatnashgan konsertda ham otasi yonida o‘tirdi.
Hatto oilaviy marosimlar ham uning mavqeini ko‘rsatish uchun maxsus sahnalashtirildi. Masalan, 2025 yil iyunida Vonsan Kalma kurort majmuasi ochilishida Chju Ening onasi Li Sol Chju 18 oylik tanaffusdan keyin ilk bor omma oldiga chiqdi, ammo davlat OAVlari uni qizidan bir necha qadam orqada ko‘rsatdi. Bu esa Chju Ening markaziy shaxs sifatida taqdim etilishini yanada kuchaytirdi.
Vorismi yoki niqob?
Mutahassislar Chju Ening birinchi chiqishlari orqali aniq xabar uzatilganini ta’kidlagan: Shimoliy Koreya yadroviy dasturi va qurollaridan voz kechmaydi, Kim oilasi esa mamlakat harbiy qudratining markazida turishda davom etadi.
Seuldagi Exva universiteti professori Leyf-Erik Izli 2023 yildagi paraddan so‘ng shunday degan edi:
“Xotini va qizini ochiq namoyish qilish orqali Kim ichki va tashqi kuzatuvchilarga oilaviy sulola va Shimoliy Koreya armiyasi bir-biriga uzviy bog‘langanini ko‘rsatmoqchi.”
Ma’lumki, Shimoliy Koreya 1948 yildan beri merosiy diktatura asosida boshqarib kelinmoqda: avval Kim Ir Sen, keyin uning o‘g‘li Kim Chen Ir, 2011 yildan esa Kim Chen In hokimiyatda. Shu sababli, Kimning qizi jamoat oldida paydo bo‘lishi u voris sifatida tayyorlanayotganiga ishora qilishi mumkinligi haqida munozaralarga sabab bo‘ldi.
Ayrim ekspertlar uning davlat OAVida “sevikli” va “hurmatli” deb atalishini uning maxsus maqomi borligidan dalolat sifatida ko‘rishadi. Yoshligidan harbiy tadbirlarda ishtirok etishi esa unga 1,3 million askarni boshqarishga tayyorgarlik va ularning ishonchi hamda hurmatini qozonish imkonini berishi mumkin.
Biroq boshqa tahlilchilar shubhalanishda davom etadi — ular Kimning boshqa ikki farzandi voris qilib tanlanadi, deb hisoblaydi. AQSHdagi Stimson markazi katta ilmiy xodimi Jenni Taun esa 2024 yilda Chju Ening chiqishlarini “PR harakat” sifatida baholagan. Uning fikricha, Kim o‘zini oilaparvar va mehribon ota sifatida ko‘rsatish uchun uni ishlatmoqda.
U shuni ham ta’kidlaganki, Kimning boshqa farzandlari hali jamoatchilikka noma’lum. Shu bois, Chju E jamoat oldida ko‘proq namoyon qilinishi mantiqan to‘g‘ri, chunki uning mavjudligi amerikalik basketbolchi orqali avvaldan ochiq bo‘lib qolgan. Masalan, Kim Chen Inning o‘zi 1990 yillarda Shveysariyada tahsil olgan, ammo Taunning fikricha, Chju E uchun buning imkoni yo‘q. Chunki u endi juda mashhur. U hech qachon xorijda o‘qish imkoniga ega bo‘lmaydi.
Live
Barchasi