“Manchester Siti” o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchradi 

Sport

image

Kecha, 25 noyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi 5-turining markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon “Manchester Siti” Germaniyaning “Bayer Leverkuzen” jamoasini qabul qildi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Gvardiola Premer-ligadagi “Nyukasl”ga 2:1 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoada keskin rotatsiya amalga oshirdi. Bosh murabbiy tarkibda 10 ta o‘zgarishni amalga oshirgan holda uchrashuvni boshladi. O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi.

O‘yinning dastlabki daqiqalarida “Siti” faolroq ko‘rindi. Natan Ake yaqindan bergan zarbasi raqib darvozaboni Mark Flekken tomonidan qaytarildi. Shunga qaramay, leverkuzenliklar bosimga tezda moslashib, birinchi bo‘limning 23-daqiqasida hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Kristian Kofanening uzatmasidan so‘ng Alexandro Grimaldo jarima maydonchasi ichidan yo‘llagan zarbasi bilan Jeyms Trafford darvozasini ishg‘ol qildi.

Tanaffusdan so‘ng Gvardiola Fil Foden, Jeremi Doku va Niko O’Raylini maydonga tushirib, ikkinchi bo‘limni boshladi. Ammo bu o‘zgarishlar sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishga ulgurmasdan, Patrik Shik 55-daqiqada “Bayer”ning ustunligini ikki baravarga oshirdi. Ibrohim Mazaning aniq uzatmasidan so‘ng Shik Trafford darvozasini ishg‘ol qildi. Uchrashuv yakuniga qadar shu hisob saqlanib qoldi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng, “Bayer” ochkolarini 13 taga yetkazib, turnir jadvalida 13-o‘ringa ko‘tarildi. “Manchester Siti” esa mag‘lubiyatdan so‘ng 10 ochko bilan 6-o‘ringa tushib ketdi va musobaqadagi mag‘lubiyatsiz seriyasini yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

Chempionlar Ligasi “Manchester Siti” “Bayer Leverkuzen”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing