Mashhur bokschining sobiq xotiniga qarshi tergov boshlandi (video)
Sport
−
14 noyabr 11174 2 daqiqa
Rossiya Ichki ishlar vazirligi bokschi Dmitriy Bivolning sobiq rafiqasi Yekaterina Bivolga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Tergov Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.
Yekaterina Bivol oldinroq ijtimoiy tarmoqqa turli millat vakillari haqida haqoratomuz so‘zlarni aytgan videoni joylashtirgan edi. Qirg‘izistonda uni hibsga olish uchun order chiqarilgan. Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, ish Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 330-moddasi (irqiy, etnik, milliy yoki mintaqalararo adovatni (nifoq) qo‘zg‘atish) bo‘yicha ochilgan. Ushbu moddaning jazosi besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir. Ko‘pchilik foydalanuvchilar ayolning xatti-harakatini qoralab, uning gaplari hurmat va bag‘rikenglik tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.
Bundan ham oldin u sobiq erining oilasi haqida nomaqbul fikrlar bildirgan, xususan, bokschining onasini “do‘zaxning urug‘i” deb atagan.
Qirg‘izistonda tug‘ilgan rossiyalik professional bokschi, yengil vazn toifasida WBA chempioni Dmitriy Bivol va uning sobiq rafiqasi Yekaterina 2007 yildan beri birga edi, 2014 yilda turmush qurgan va birga o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Er-xotin 16 yillik turmushdan keyin 2023 yilning iyun oyida ajrashdi, ammo janjal keyinroq avj oldi va ijtimoiy tarmoqlarda, sudda ommaviy ayblovlar va o‘zaro da’volar bilan shu kungacha davom etmoqda. Yekaterina Dmitriyni suiiste’mol qilish, xiyonat va moliyaviy firibgarlikda aybladi, u esa uning xatti-harakatlarini axloqsizlik deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ham Yekaterina Bivolni qidiruvga bergandi.
Live
Barchasi