Mashina olib qochgan va IIO xodimini pichoqlagan yigitlar qamaldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Sirdaryo viloyatida Cobalt  mashinasini olib qochgan 2 nafar yigit ularni Ichki ishlar idorasiga olib ketayotgan xodimni ham pichoqlagandi. Asli Andijon viloyatdan bo‘lgan ushbu yigitlarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi. 

Ma’lum qilinishicha, yigitlardan biri 18 yoshni qarshilagan, biri esa hattoki voyaga yetmagan. Ushbu shaxslar joriy yil 2 avgustga o‘tar kechasi Samarqand shahridan Namanganga yo‘lovchi sifatida otlanib, haydovchi Sirdaryo viloyatida yoqilg‘i quyish shoxobchasiga to‘xtaganda, haydovchining Cobalt rusumli mashinasini olib qochgan. 

Shundan so‘ng, ular o‘z harakatlarini davom ettirib, o‘g‘irlangan mashinani yashirish uchun Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga borgan. Ularning xatti-harakatlaridan shubhalangan ichki ishlar xodimi voqea joyiga yetib borgan va ularni tuman Ichki ishlar idorasiga olib ketayotgan vaqtda, xodimga yigitlardan biri pichoq sanchgan, shu bilan birga, xodimning ham mashinasi olib qochilgan. 

Navbatdagi olib qochilgan ichki ishlar xodimining avtomashinasida yigitlar Ohangaron tumani bo‘ylab harakatlangan. Yo‘l patrul xizmati inspektorining to‘xtatish to‘g‘risidagi talablariga bo‘ysunmasdan, mashinani inspektor ustiga haydab og‘ir darajadagi shikast yetkazgan.

Ma’lum bo‘lishicha, voyaga yetmagan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 97-modda (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g”, “o”, “p”, “r” bandlari bilan va Jinoyat kodeksining 267-modda (transport vositasini olib qochish) 3-qismi “v” bandlarida aybdor deb topilgan va unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida tayinlangan jazolar qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun 9 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ikkinchi sudlanuvchi ham xuddi shu moddalar bilan 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlanishi oqibatida vafot etgandi. Uni pichoqlagan 65 yoshli fuqaro esa qochib ketib, joriy yilning 4 iyul kuni qabristondagi makkapoya ichida qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Andijon Cobalt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing