Meksikada namoyishlar sabab Jahon chempionati o‘tkazilmaydimi?
Sport
−
25 fevral 2354 1 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino Meksikadagi keskin vaziyat fonida 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini mamlakatda o‘tkazish masalasida xotirjam ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda FIFA rahbari Kolumbiyada bo‘lib o‘tgan tadbirda jurnalistlarga aytib o‘tdi.
“Vaziyat tinch, hozir hammasi normal. Umuman olganda, barchasi muammosiz o‘tishi kerak”, deydi Infantino.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 22 fevral kuni “Xalisko yangi avlodi” giyohvand moddalar karteli yetakchisi Nemesio Oseguera Servantesning (laqabi “El Mencho”) o‘ldirilishidan so‘ng Meksikaning bir nechta hududlarida, jumladan, Gvadalaxarada ham tartibsizliklar boshlangan. Namoyishchilar politsiyaga hujum qilgan, avtomobillarga o‘t qo‘yilgan va do‘konlar talon-toroj qilingan. Rasmiylar “qizil kod” e’lon qilib, aholini uyda qolishga chaqirgan. Mamlakat aeroportlarida 100 dan ortiq reys bekor qilingan.
Shu bilan birga, Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum mamlakatning aksariyat hududlarida vaziyat barqaror ekanini ma’lum qilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha uchta davlat AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Meksikadagi uchrashuvlar Mexiko, Monterrey va Gvadalaxara shaharlarida tashkil etiladi.