Meksikada o‘qituvchilar JCHni buzish bilan tahdid qilmoqda (video)

Sport

image

Meksikada maktab o‘qituvchilari ommaviy norozilik namoyishlari orqali Jahon chempionatini buzish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari ta’lim sohasi xodimlari mehnat sharoitlarini yaxshilash, maoshlarni ikki baravar oshirish hamda ish stajiga qarab hisoblanadigan avvalgi pensiya tizimini qayta tiklashni talab qilmoqda.

O‘qituvchilar o‘z muammolariga e’tibor qaratish uchun yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionatidan foydalanishni rejalashtirgan. Xususan, musobaqaning ochilish kuni – joriy yilning 11 iyun sanasida mamlakat bo‘ylab ommaviy ish tashlash aksiyasi o‘tkazilishi kutilmoqda.

Shuningdek, o‘sha kunga qadar millionlab o‘qituvchilar norozilik namoyishida ishtirok etish uchun mamlakat poytaxtiga borishi mumkinligi bildirilgan.

Namoyishchilar allaqachon dastlabki aksiyalarni boshlab yuborgan. Mexiko shahrida minglab o‘qituvchilar Jahon chempionati o‘yinlarini tomosha qilish uchun tashkil etilayotgan muxlislar hududi joylashgan Sokalo maydoniga kirishga uringan.

Norozilar metall to‘siqlarni ag‘darib tashlab, asosiy o‘yinlar namoyish etiladigan ulkan ekran tomon harakatlangan. Shundan so‘ng politsiya aralashib, namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatib yuborgan.

Bunga javoban ayrim namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlariga hujum qilgan, shuningdek, davlat binolari va xavfsizlik xizmatlariga tegishli transport vositalari oynasiga shikast yetkazgan.

Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham vaziyat yuzasidan munosabat bildirgan. Uning ta’kidlashicha, o‘qituvchilar bilan muloqot davom etmoqda, ammo hozirgi sharoitda ularning talablarini to‘liq bajarish imkoni mavjud emas. Prezident davlat byudjeti hisobidan maoshni faqat 9 foizga oshirish mumkinligini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Jahon chempionatining ochilish kuni maktablarda darslar bekor qilinishi, xususiy sektor xodimlariga esa uydan turib ishlash yoki masofaviy mehnat faoliyatini tashkil etish tavsiya etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Meksika Klaudiya Sheynbaum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing