O‘zbekiston raqibining JCH oldidan o‘yini bekor qilindi
Sport
−
13:42 7826 2 daqiqa
Joriy yilning 9 iyun kuni Ispaniyaning La-Linea-de-la-Konsepson shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Kongo Demokratik Respublikasi va Chili terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan bog‘liq vaziyat sababli shahar meri Xuan Franko uchrashuvni o‘tkazishni taqiqlovchi qarorni imzolagan.
Shahar rahbarining ta’kidlashicha, mazkur qaror sog‘liqni saqlash xavfsizligi nuqtai nazaridan, Andalusiya Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalari hamda shahar tibbiy xizmati xulosalari asosida qabul qilingan.
“Bu qarorni qabul qilishga majbur bo‘lganimizdan afsusdamiz, chunki ushbu o‘yin shahar uchun muhim va qiziqarli voqea edi. Biroq Kongodagi sanitariya vaziyati va taqdim etilgan hujjatlar hech qanday xavf yo‘qligiga to‘liq kafolat bermaydi. Shu bois mazkur qarorni eng maqbul yechim deb hisoblaymiz”, deydi Xuan Franko.
Shunga qaramay, Kongo DR terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Jamoa joriy yilning 3 iyun kuni Belgiyaning Lej shahrida Daniyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Ma’umot uchun, Kongo DR terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta va 1974 yildan buyon ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi. KDR Jahon chempionatini joriy yilning 17 iyun kuni Portugaliyaga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Afrika qit’asi vakillarining O‘zbekiston terma jamoasi bilan uchrashuvi guruh bosqichining 3-turida bo‘lib o‘tadi. Ushbu bahs joriy yilning 28 iyun kuniga belgilangan.
Live
Barchasi