“Men buni kutmagandim”. Tashiyev iste’fosi haqida fikr bildirdi
Olam
−
10:24 16287 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning farmoni bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarligidan bo‘shatilgan Qamchibek Tashiyevning bayonoti e’lon qilindi. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni jurnalist Nurgazi Anorqulovaga tayanib, “Kaktus Media” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Tashiyev sog‘lig‘idagi muammo sababli Prezident ruxsati bilan Germaniyaga davolanish uchun borgan. Bu uchun ishdan olingani haqidagi qaror kutilmagan bo‘lgan.
“Qanday bo‘lmasin, biz Prezident qaroriga bo‘ysunamiz. Men davlatimizga, xalqimizga va Prezidentimizga sharaf bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoniyati berilmagani meni bir oz xafa qildi”, degan sobiq rahbar.
Shuningdek, Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlariga minnatdorlik bildirib, ularning keyingi faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan. U mamlakatda tinchlik va barqarorlik saqlanishi zarurligini ta’kidlab, barcha harakatlar qonun doirasida bo‘lishi kerakligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev iste’foga chiqarilgani, uning o‘rnini esa o‘rinbosari Jumgalbek Shabdanbekov egallagani haqida xabar berilgan edi.
Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov mazkur o‘zgarishlar yuzasidan bayonot bergan. Uning aytishicha, Sadir Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan. Shuningdek, Tashiyevning yana uch nafar o‘rinbosari ham lavozimidan ozod qilingan.
Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi