Mirziyoyev Aliyevni G‘alaba kuni bilan tabriklab, O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
04 noyabr 3949 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni G‘alaba kuni munosabati bilan tabriklab maktub yo‘lladi. Bu haqda Ozarbayjon yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
“Mamlakatingizning shonli bayrami – G‘alaba kuni munosabati bilan sizni, aziz birodarimni va butun Ozarbayjon xalqini chin dildan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildirishdan katta mamnunlik his qilaman”, deyiladi maktubda.
Shuningdek, Mirziyoyev 5 yil avval vatanining fidoyi va sodiq farzandi, yirik davlat va siyosat arbobi bo‘lgan Ilhom Aliyev kabi dono rahbarning qat’iyati va jasorati tufayli Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani, tarixiy adolat qaror topganini qayd etgan.
“Bu ulkan voqea nafaqat Ozarbayjonning kuchi va salohiyatini butun dunyoga yaqqol namoyon etdi, balki mintaqada tinchlik, o‘zaro tushunish va barqarorlikni mustahkamlash uchun zamin yaratdi. Shu o‘rinda, sizning Janubiy Kavkazda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor ta’kidlamoqchiman”, deyiladi xabarda.
Mirziyoyevning bildirishicha, u so‘nggi yillarda Ozarbayjonga qilgan tashriflari chog‘ida Qarabog‘ mintaqasida zamonaviy infratuzilmaning qurilishi, madaniy meros yodgorliklarining tiklanishi, ushbu hududlarda yashovchi aholining turmush darajasining oshganiga guvoh bo‘lgan.
“Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li, bu yili siz bilan Ozarbayjonning go‘zal Baku, Xonkendi va Gabala shaharlarida o‘tgan ochiq va samarali uchrashuvlarimiz, shuningdek, mazmunli muzokaralar davomida erishilgan muhim kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchim komil”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Shu bilan birga, Mirziyoyev Aliyevni Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qilgan.
“Mamlakatingiz hayotidagi bu unutilmas sana munosabati bilan yana bir bor samimiy tabriklarimni bildirar ekanman, sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, yuksak davlat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, birodar Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik, farovonlik va doimiy taraqqiyot tilayman”, deydi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, G‘alaba kuni – bu Ozarbayjon Respublikasining davlat bayrami bo‘lib, har yili 8 noyabrda nishonlanadi. U 2020 yil 2 dekabrda Prezident farmoni bilan joriy etilgan va Ikkinchi Qorabog‘ urushida (2020 yil sentabr-noyabr) Ozarbayjonning g‘alabasiga bag‘ishlangan. Aynan 2020 yil 8 noyabrda Shusha shahri ozod qilingan, bu esa urushdagi hal qiluvchi burilish bo‘lgan.
Live
Barchasi