Mirziyoyev Prezidentlarga Islom sivilizatsiyasi markazini ko‘rsatdi

Jamiyat

image

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan mintaqa mamlakatlari Prezidentlari va Ozarbayjon yetakchisi O‘zbekiston Prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Majmua milliy me’moriy an’analar va zamonaviy bezaklar uyg‘unligida barpo etilgan. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rta qismida esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho ma’naviy durdonasi sanalgan Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zaliga tashrif buyurgan. Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan ushbu nodir manba ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqa xalqlarining sivilizatsiyaviy o‘ziga xosligini shakllantirgan chambarchas ma’naviy rishtalarni ifoda etadi.

Yetakchilar, shuningdek, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari bilan tanishgan.

Ularda buyuk allomalar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ ulamolarning boy ilmiy va ma’naviy merosi keng yoritilgan. Ko‘rgazmada somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qo‘lyozma nashrlar va ularning qadimgi o‘zbek tiliga tarjimalari ham mavjud.

Yetakchilar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni ilgari surish va umumiy gumanitar qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan.

Mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va targ‘ib qilish borasidagi O‘zbekistonning keng ko‘lamli sa’y-harakatlariga yuqori baho berilgan. Majmua zamonaviy tadqiqot markazi bo‘lib xizmat qilishiga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ilmiy, ta’lim va madaniy hamkorlik uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra ko‘p tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Islom tsivilizatsiyasi markazi Maslahat uchrashuvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing