Moskva va Baku orasi buzilishi fonida Kreml tilga kirdi

Olam

image

Moskva Baku bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Kreml vakilining ta’kidlashicha, Yekaterinburgdagi voqealar huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog‘liq va demarchlar uchun sabab bo‘lmasligi kerak.

“Biz Ozarbayjon bilan yaxshi munosabatlarimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz”, dedi Peskov.

Kreml matbuot kotibining qayd etishicha, Moskva Bakuning Rossiya tomonidagi tadbirlarni bekor qilish qaroridan afsusda.

“Biz bunday qarorlardan chin dildan afsusdamiz. Ozarbayjon tomonining fikricha, bunday demarshlarga sabab bo‘lgan voqealarning sabablari va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhim”, dedi Peskov.

Shuningdek, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev o‘rtasidagi suhbat kun tartibida emasligini qo‘shimcha qildi.

“Ayni paytda bunday suhbat kun tartibida emas, biroq boshqa tomondan, agar talab qilinsa, eng qisqa vaqt ichida bo‘lib o‘tadi”, dedi Peskov.

Hammasi nimadan boshlangandi?

27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi. Reydlar davomida 9 kishi hibsga olingan.

Rossiya tomoni o‘z bayonotida Yekaterinburgda “o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish doirasida bir qator shaxslar qo‘lga olingani, ularning uylarida tintuv o‘tkazilganini” ma’lum qilgan. Rus OAVning yozishicha, reydlar chog‘ida “Boku Plaza” savdo markazida ham tintuv o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik ushlangan, ayrimlari so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Bu ushlashlar 2001 yilda bir savdogar o‘ldirilgan holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan. O‘shanda marhum “Kaspiy” kafesi yonida pichoqlangan. Qotillikda kafe egalari aka-uka Ziyoddin va Husay Safarovlar gumonlanuvchiga aylangan. Marhum jon berishidan oldin ularning ismlarini aytgan. O‘sha vaqtlarda Safarovlarni javobgarlikka tortishning iloji bo‘lmagan. Aka-ukalar 24 yil o‘tib, bu ishni allaqachon yopilgan deb hisoblagan.

Safarovlar oilasining tanishiga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida aka-uka o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan. Aka-ukalar vafot etgan. 

Manbalarning xabar berishicha, tergov doirasida Ozarbayjon diasporasi rahbari Shohin Shixlinskiy ham so‘roq qilingan. Biroq Shixlinskiy bu ma’lumotlarni “yolg‘on va bo‘hton” deb atagan.

Rossiyaning Bakudagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy norozilik bildirilgan. Bayonotda aytilishicha, reyd oqibatida ikki ozarbayjonlik vahshiylarcha o‘ldirilgan, bir necha kishi og‘ir yaralangan, to‘qqiz kishi hibsga olingan.

Shuningdek, Ozarbayjondagi barcha madaniy tadbirlar, jumladan, Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertlar, festivallar, spektakllar, ko‘rgazmalar bekor qilindi.

Bundan tashqari, Milliy Majlis Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Milliy Majlis raisining birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etmasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Baku

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing