Moskvada ona 6 yashar bolasini bo‘laklab, ko‘lga uloqtirdi
Olam
−
18 noyabr 3230 2 daqiqa
16 noyabr kuni Moskvaning sharqiy qismidagi Golyanovskiy ko‘lidan odam qoldiqlari topildi. Bu haqda Moskva prokuraturasi va Tergov qo‘mitasiga tayanib, “Meduza” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ekspertiza natijasida topilgan tana qismlari 7-10 yoshlar atrofidagi bolaga tegishliligi aniqlangan. Qoldiqlar kichik binafsha rangli sumka ichiga solib tashlab ketilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, ko‘ldan bolaning boshi ham topilgani ma’lum bo‘ldi. Jasadning asosiy qismi esa Moskva viloyati Balashixa shahridagi xonadonlardan birida – uning onasi yashagan uydan topilgan.
Tergov organlari hozircha jinoyat tafsilotlarini ochiqlagani yo‘q. Biroq, bolaning onasi jinoyatda gumonlanib qo‘lga olingan. Ayol qotillikni sodir etganini tan olgan, ammo uning sabablarini izohlab bera olmagan.
Huquq-tartibot organlari tomonidan ayolning shaxsi ochiqlanmagan bo‘lsa-da, tahririyatga u haqida ma’lumotlar kelib tushgan. Qayd etilishicha, ayolning ismi Yelena, u 31 yoshda. U Sholoxov nomidagi Moskva davlat gumanitar universitetida o‘qigan. Doimiy ish joyi bo‘lmagani uchun turli do‘konlarda kurer va sotuvchi bo‘lib ishlagan, muntazam mikrokreditlar olgan va oqibatda uning qarzi 100 ming rubldan oshgan.
Shuningdek, Yelenada ruhiy muammolar kuzatilgan. U ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “jodugar” va “dunyolar orasidagi yo‘lboshchi” deb atagan. Unga paranoid shizofreniya tashxisi qo‘yilgan, psixiatr ro‘yxatida turgan va sintetik moddalar iste’mol qilgani aytiladi.
Bolaning buvisi politsiyaga uning bedarak yo‘qolgani haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan. Marhum bolaning ismi Miroslav bo‘lib, u 6 yoshda va nogironligi mavjud bo‘lgani uchun yurolmagan.
Hibsga olish vaqtida Yelena joniga qasd qilishga uringan, biroq oxirgi lahzada mushuklariga achingani sababli bu fikrdan qaytgan. Uning to‘rtta mushugi bo‘lgan. Qarindoshlarining aytishicha, hayvonlarni “bolalaridan ko‘proq” yaxshi ko‘rgan.
Qobilova Komila
Live
Barchasi