Moskvadagi migrantlar yotoqxonasida kuchli yong‘in bo‘ldi (video)
Olam
−
31 yanvar 9102 2 daqiqa
Bugun, 31 yanvar kuni ertalab Moskvaning shimoli-g‘arbidagi yotoqxona joylashgan binoda kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Yong‘in Tushinskaya metro bekatidan uncha uzoq bo‘lmagan Sxodnenskiy tor ko‘chasidagi ikki qavatli uzun ma’muriy binoda qayd etilgan. Dastlab yong‘in maydoni 1,5 ming kvadrat metrni tashkil etgani ma’lum qilingan, ammo yong‘in tezda tarqalgan va tez orada ikki ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Yong‘in oqibatida foydalanilmayotgan binoning tomi qulab tushgan.
“O‘t o‘chirish brigadasi yetib kelguniga qadar 300 kishi yotoqxonani tark etgan”, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.
Qutqaruvchilar yetib kelgach, yana 60 kishi binodan evakuatsiya qilindi. Qurbonlar va jarohatlanganlar haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q. Qutqaruvchilar binoni ko‘zdan kechirishga muvaffaq bo‘lishdi, biroq u yerda hech qanday odam topilmadi.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ilya Misunning so‘zlariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inning yotoqxonaga o‘tishining oldini olishga muvaffaq bo‘lgan.
Yotoqxonadagi yong‘inni o‘chirish uchun 155 nafar mutaxassis va 45 birlik texnika jalb qilingan. Ular orasida vertolyotlar va o‘t o‘chirish poyezdi ham borligi aytilmoqda.
“Tushino tumanida joylashgan binolardagi yong‘inni o‘chirishga yordam berish uchun yong‘in o‘chirish poyezdi chaqirildi. U 150 tonna suv va 4 tonna ko‘pikli moddalar solingan rezervuarlardan iborat”, deya xabar berdi "Moskva temiryo‘llari".
Katta yong‘in yuki va yuqori harorat tufayli o‘t o‘chiruvchilar uchun yong‘inni lokalizatsiya qilish qiyin bo‘ldi. Yong‘inni o‘chirishda Moskva aviatsiya markazining uchta Ka-32 vertolyoti va bitta Mi-26 vertolyoti ishtirok etib, yong‘in ustiga 100 tonnadan ortiq suv va ko‘pikni tashladi.
Shu bilan birga, yong‘inning tez tarqalishiga o‘t o‘chiruvchilarning kechikib chaqirilishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, ichkaridagi odamlar dastlab yotoqxonaga yoyilgan yong‘inni o‘chirishga harakat qilishgan. Biroq yong‘inni aniqlagan yotoqxona mas’ul xodimi o‘t o‘chiruvchilarni chaqirgan va odamlar tezda narsalarini yig‘ib, binoni tark etgan.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Tushino yotoqxonasida qurilish maydonchasida ishlagan muhojirlar joylashgan.
Yong‘inning aniq sabablari e’lon qilinmagan, biroq bu elektr simlarining nosozligi yoki elektr tarmoqlarining avariyaviy ish rejimi tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Tushino prokuraturasi tafsilotlarni aniqlamoqda.
Live
Barchasi