Mubashshir Ahmad sud hukmi bilan qamaldi
3-sahifa
−
08 Oktabr 17372 2 daqiqa
Diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Bugun, 8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida unga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunladi.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shu bilan birga internet tarmog‘idagi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri hamda YouTube videoxostingidagi Mubashshir Ahmad va “Azon Global” – muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalar (kanallar) faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.
2 oktyabr kuni soat 16:00 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Sudning qoldirilishiga Mubashshir Ahmad ishini ko‘rayotgan sudyaning tobi yo‘qligi, salomatligini tiklash ta’tilida ekani sabab qilib ko‘rsatilgandi. Biroq ushbu majlis yana boshqa kunga qoldirildi. Bundan oldingi sud majlislari ham qoldirilgandi.
Qayd etish joiz, bu Tursunovning ishi bo‘yicha sud majlisining birinchi marta qoldirilishi emas. Uning birinchi sudi 19 avgust kuni bo‘lib o‘tdi va ayrim guvohlar kelmagani aytilib, sud ishi 8 sentyabrga qoldirildi. Ikkinchi sud majlisida ishtirok etgan guvohlar qo‘yilayotgan ayblovlar uchun yetarlicha dalillar keltira olmadi. Shundan so‘ng, sud 15 sentyabrga qoldirildi. Shuningdek, 29 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan sud majlisi ham 2 oktyabrga surilgan edi.
Live
Barchasi