Sarkozi qamoqdan ozod qilinadi

Olam

image

Bugun, 10 noyabr kuni Parij apellyatsiya sudida bo‘lib o‘tgan majlisda prokuratura Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini La-Sante qamoqxonasidan sud nazorati ostida ozod qilinishini taklif qildi. Ushbu taklifni sud ma’qulladi. Bu haqda BFMTV xabar berdi.

Prokuratura Sarkoziga 2007 yilgi saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalash ishi bo‘yicha boshqa figurantlar bilan aloqa qilmaslikni shart sifatida belgilagan. 

Sud majlisida Fransiyaning besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi qamoq hayotini “juda og‘ir va holdan toydiruvchi”, deb atagan va uni “haqiqiy dahshat” sifatida ta’riflagan.

“Siz tasavvur qilolmaysiz, bu qanchalik og‘ir. Bu juda og‘ir, albatta, har bir mahbus uchun. Hatto aytishim mumkinki, bu holdan toydiradi… Shunga qaramay, men qamoqxona xodimlariga yuksak hurmat bildiraman. Ular insoniylikni namoyon etib, bu dahshatni   chidab bo‘ladigan holga keltirishdi”, deydi Sarkozi sud majlisida videoaloqa orqali bo‘lgan nutqida. 

Prokuror Damen Bryunening so‘zlariga ko‘ra, “til biriktirish va guvohlarni qo‘rqitish xavfi mavjud bo‘lgani uchun sud nazorati qonuniy va asosli choradir”. U apellyatsiya sudidan Sarkozining qamoqdan chiqarish haqidagi iltimosini qondirilishini so‘ragan. 

Sarkozining vakili Kristofer Engren ham sudda sobiq prezidentning qamoqda bo‘lishi xavfsizlik nuqtai nazaridan tahlikali ekanini bildirgan. Uning qamoqdan chiqarilishi yuzasidan hukm Parij apellyatsiya sudi tomonidan mahalliy vaqt bilan 13:30 da (Toshkent vaqti bilan 17:30 da) e’lon qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, Sarkoziga Parij sudi hukmni joriy yilning sentyabr oyida chiqargan edi. U 2007 yilgi saylov kampaniyasini Liviya tomonidan moliyalashtirilgani uchun aybdor deb topilgan va besh yil ozodlikdan mahrum etilib, hukm ijrosi esa muddatli kechiktirilgandi. Amalda u joriy yilning 21 oktyabridan beri qamoqda edi. Sobiq prezidentga 100 ming yevro jarima va besh yil davomida davlat lavozimlarida ishlash taqiqi ham belgilangan.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

sud Parij Sarkozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing