Mullajonovda doping aniqlanganiga  ehtimoliy sabab aytildi

Sport

image

Avvalroq, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha oltin medal sohibi bo‘lgan Lazizbek Mullajonovda doping moddasi aniqlangani xabar qilingan edi. O‘zbekiston boks federatsiyasi mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Mullajonov professional boksda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Sportchi doimiy ravishda doping qoidalariga rioya qilib kelgan va doping sinov testlari natijalari har doim manfiy chiqqan. Joriy yilning 11 iyun kuni Xalqaro doping qoidalariga ko‘ra undan doping sinov testi olingan va Xalqaro Dopingga qarshi agentlik (ITA) tomonidan test natijalariga ko‘ra taqiqlangan moddalar borligi aniqlangani yuzasidan axborot xati taqdim qilingan.

Sportchi Parij-2024 Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, 2024 yil 19 noyabr kuni Farg‘ona shahridagi xususiy shifoxonada soch ko‘chirib o‘tkazish amalyotini o‘tkazgani sababli 4 bosqichli operatsiya amalyotida va operatsiyadan keyingi muolajalarda shifoxona tomonidan taqdim qilingan davolanish uchun dori vositalarini qabul qilgan. Aynan ushbu dori vositalarida ayrim taqiqlangan doping moddalari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston boks federatsiyasi va Lazizbek Mullajonov tomonidan  ITA’ga ushbu masala yuzasidan kerakli barcha hujjatlar taqdim qilingan bo‘lib, sportchi yakuniy qaror chiqishini kutmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda vakilimiz doping qoidalarini buzgani sababli Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari oltin medali natijasi bekor qilinishi to‘g‘risida xabarlar asossiz ekanli va yuqoridagi holat Olimpiya o‘yinlaridagi natijasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilamiz. Shu o‘rinda OAV vakillaridan ma’lumotlarni tekshirmasdan, O‘zbekiston boks federatsiyasi va bevosita Mullajonov bilan bog‘lanmasdan, asossiz tarzda tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki karra olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashidov 2025 yil 13 maydan boshlab 2027 yilning 12 mayigacha ikki yil muddatga musobaqalardan chetlatilgandi. Keyinroq u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bunga munosabat bildirib, diskvalifikatsiya taqiqlangan dori vositalarini qabul qilgani uchun emas, balki joylashuv bo‘yicha qoidalarga rioya qilmagani uchun berilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston boks federatsiyasi doping Lazizbek Mullajonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing