Namanganda 15 mlrd so‘mlik sifatsiz dorilar aniqlandi

3-sahifa

image

Namangan viloyatida umumiy qiymati 15 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdoga chiqarilishi oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, viloyatning Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs davlat reyestridan o‘tmagan, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, Hindistonda ishlab chiqarilgan 2100 dona qutidagi “Ferromed” nomli dori vositasini “shartli” xaridorga 168 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 4296 qutidagi “Ferromed” dori vositasi olingan.

Baholash hisobotiga ko‘ra, jami 6396 qutidagi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 223 mln so‘mni tashkil etgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³ -moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qolaversa, Namangan shahrida qayd etilgan holatda dori vositalarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ ombor mudiri va uning 2 nafar tanishiga qarashli 3 ta noturar bino ko‘zdan kechirilgan.

Ushbu holatda ham tegishli hujjatlari bo‘lmagan, taxminiy qiymati 12,8 mlrd so‘mdan ortiq, 2307 turdagi jami 195 ming 323 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizalari tayinlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Namangan shahri va Uychi tumanidagi 2 ta “yashirin ombor”dan xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 1,2 mlrd so‘mlik, 128 turdagi jami 45 ming 641 dona dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda ushbu dori vositalari ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin dori omborlari aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Hindiston dori Ferromed

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing