“Navoiyazot” AJning ammiak sexi faoliyati to‘xtatildi
Jamiyat
−
25 Sentabr 3971 2 daqiqa
Navoiy viloyatidagi “Navoiyazot” AJ va “Sogda kimyo zavod” MCHJga qarashli uchta sex faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda boshqa mutaxassislar tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi I va II toifali korxonalar va ushbu hududdagi ohak pishirish xumdonlari faoliyati o‘rganilgan. Nazorat tadbirlari davomida 22 ta sanoat korxonasi ekologik talablarga zid tarzda faoliyat olib borayotgani aniqlanib, qaror asosida ushbu korxonalar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan va 25 nafar mas’ulning ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona va sex faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Mazkur da’vo arizalaridan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirilgan.
Xususan, 23 sentyabr kuni Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori yuzasidan berilgan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilib, “Navoiyazot” AJning 23-sexi (ammiak) va Karmana tumanida joylashgan “Sogda kimyo zavod” MCHJga qarashli uchta sex faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, reyd tadbiri davomida jami 92 ta noqonuniy va qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida to‘liq buzdirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy viloyatining Navoiy shahri hududini changsimon tutun qoplagandi. 21 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy shahri va uning atrofidagi hududlarda yana changsimon tutun kuzatilgandi.
Keyinroq esa jurnalist Ruxsora Boboqulova “Navoiy” telekanali efirida Navoiy shahrida zaharli gazlar tarqalayotganini aytib, egologiya boshqarmasi xodimlarini “salqin xonasidan chiqib, u qayerdan kelayotganini aniqlash”ga chaqirdi. Jurnalist ochiq gapirgani ortidan unga bosim bo‘layotgani, Navoiy viloyati teleradiokanalida jonli efirlar to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimligi esa Ruxsora Boboqulovaga hech qanday tazyiq o‘tkazilmagani va u o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirayotganini bildirdi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi