Nazarboyev Moskvadagi hashamatli mahallada maxfiy dachani ijaraga olgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
17 noyabr 12049 2 daqiqa
“Proyekt” surishtiruv nashri Rossiya Federal qo‘riqlash xizmati Moskvadagi Chumchuq tepaliklarida joylashgan hashamatli dachalarni yuqori martabali siyosiy arboblar va hukumat bilan bog‘liq biznesmenlarga ijaraga berayotgani haqida xabar chop etdi.
Gap 1950-yillarda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi a’zolari uchun qurilgan yopiq posyolka haqida bormoqda.
2015 yilda Federal qo‘riqlash xizmati qasrlarni qayta ta’mirlagan va faqat Nikita Xrushchevning sobiq qarorgohini saqlab qolgan. O‘sha paytda qarorgohda milliarder va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning do‘sti Gennadiy Timchenko yashab kelgan.
Shundan so‘ng, xavfsizlik xizmati binolardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanishni to‘xtatdi va ularni davlat xavfsizligi bilan maxfiy kelishuv asosida yuqori lavozimli amaldorlar va ishbilarmonlarga ijaraga berishni boshladi.
Jurnalistik surishtiruvda aniqlanganidek, qasrni faqat siyosiy homiylik bilan ijaraga olish mumkin edi. Ijara narxi oyiga 3,1 mln rublni tashkil etadi.

Nashrga ko‘ra, to‘rtta asosiy guruh hashamatli uylarni qo‘lga kiritgan:
- Putin davridagi hukumat amaldorlari (eng katta guruh) – sobiq Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov.
- Davlat bilan aloqalari tufayli gullab-yashnagan taniqli biznesmenlar – Roman Abramovich va Gennadiy Timchenko.
- Kreml bilan aloqalari bo‘lgan madaniyat va sportning taniqli namoyandalari (masalan, xokkeychi Aleksandr Ovechkin va aktyor Oleg Gazmanov).
- Shubhali shaxslar, “mafiyalar” va ularning qarindoshlari.
Uylardan biri Nazarboyevga tegishli edi. U Michurinsk prospektida joylashgan.
Ta’kidlanishicha, ijarachilar dachalarda doimiy yashamaydi, balki vaqti-vaqti bilan tashrif buyurishadi. Manbalarga ko‘ra, bu uylarda yashash qulaylik emas, balki rasmiylarga yaqinlik ko‘rsatkichi sifatida qabul qilinadi.
“Odamlar bu yerga o‘zlarini ko‘rsatish va maqom uchun ko‘chib kelishadi”, deb yozgan “Proyekt” nashri.
Live
Barchasi