Sobiq birinchi xonimning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berildi

Olam

image

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning rafiqasi Sara Nazarboyevaning sog‘lig‘i haqida yangi bayonot e’lon qilindi. Bu haqda Nursulton Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibayga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.

Ukibayning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim OAVda Sara Nazarboyevaning sog‘lig‘i hamda joylashuvi haqida asossiz va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalmoqda.

“Shu munosabat bilan quyidagilarni aniqlik kiritish zarur deb hisoblayman: Sara Nazarboyeva joriy yilning aprel oyidan buyon Olmaota shahridagi Qozog‘iston Respublikasi Prezident ishlari boshqarmasi tibbiyot markazining Milliy shifoxonasida davolanmoqda. Barcha tibbiy muolajalar tasdiqlangan tibbiy yordam standartlariga muvofiq, mahalliy mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilmoqda”, deydi Ukibay.

U, shuningdek, OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini hurmat va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga, Sara Alpisovna nomidan asossiz mish-mishlar tarqatmaslikka chaqirgan.

“Ishonchli ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalardan olishni so‘rayman”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Sara Nazarboyeva 1941 yil 12 fevralda tug‘ilgan. U 1991–2019 yillar davomida Qozog‘istonning birinchi xonimi bo‘lgan. U ijtimoiy faoliyati bilan tanilgan – “Bo‘bek” fondi asoschisi, bolalar huquqlari, yetimlar va o‘zini anglash dasturlari yo‘nalishida faol ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida 85 yoshli Sara Nazarboyeva vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘sha kuni Aydos Ukibay bu ma’lumotni rad etib, u davolanayotganini bildirgan. Shuningdek, Sara Nazarboyevaning vafoti haqidagi o‘xshash mish-mishlar 2024 yil oxirida ham tarqalgan, o‘shanda ham birinchi prezident matbuot kotibi bu xabarlarni rasman inkor etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Sara Nazarboeva birinchi xonim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing