“Neftchi” 24 yildan so‘ng O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
Sport
−
22 noyabr 4931 2 daqiqa
Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi 2025 yilgi O‘zbekiston Superligasi mavsumida chempionlikni muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Vitaliy Levchenko boshchiligidagi jamoa musobaqa yakuniga bir tur qolganda “Qizilqum” ustidan qozonilgan g‘alaba evaziga 24 yillik tanaffusdan so‘ng mamlakat chempioniga aylandi.
Bugun, 22 noyabr kuni Superliganing 29-turi doirasida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi bahsda farg‘onaliklar Navoiyning “Qizilqum” jamoasini o‘z maydonida 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuv boshidan boshlab hujumkor futbol namoyish etgan “Neftchi” 3-daqiqada hisobni ochdi. Alisher Odilov jarima maydonida vujudga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib, jamoasini oldinga olib chiqdi. 19-daqiqada yana Odilov katta sahnaga chiqib, dubl qayd etdi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar hisobni qisqartirish uchun harakat qildi va o‘yinning 60-daqiqasida Shohruz Norxonov oradagi farqni qisqartirishga erishdi, biroq 68-daqiqada Jamshid Iskanderovning goli bilan “Neftchi” hisobni yana ishonchli ko‘rinishga olib keldi. O‘yindagi so‘ngi gol 89-daqiqada Ibrohimhalil Yo‘ldoshev tomonidan kiritildi. Qolgan daqiqalarda ham tashabbus “Neftchi” tomonida bo‘ldi, biroq hisob o‘zgarmadi – 4:1.
Shu tariqa, “Neftchi” 64 ochko bilan turnir jadvalida birinchi o‘rinni muddatidan avval kafolatladi. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi 59 ochko bilan ikkinchi pog‘onada, Qarshining “Nasaf” klubi esa 58 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Chempionatning yakuniy medallari uchun kurash “Paxtakor”, “Nasaf” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari o‘rtasida davom etadi.
Ma’lumot uchun, “Neftchi” 1992, 1993, 1994, 1995 va 2001 yil ham O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi.
Live
Barchasi