Nepaldagi tartibsizliklar qurbonlari 25 nafarga yetdi
Olam
−
10 Sentabr 2664 2 daqiqa
Nepalda ommaviy tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lganlar soni 25 nafarga yetdi, 633 kishi yaralandi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Joriy yilning 8 va 9 sentyabr kunlari Katmandu va boshqa shaharlarda korrupsiya hamda ijtimoiy tarmoqlar taqiqiga qarshi namoyishlardan keyin tartibsizliklar yuz berdi. Mamlakat bosh vaziri Sharma Oli iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralari binolarini, jumladan parlament, Oliy sud, prokuratura binolarini yoqib yubordi, siyosatchilar va amaldorlarning uylariga hujum qildi. Oqibatda Nepal sobiq bosh vaziri Jana Natxa Khanalaning rafiqasi halok bo‘ldi. Tartibsizliklar Nepal va Hindiston chegarasida ham yuzaga kelib, nazorat-o‘tkazish punktlari yopildi.
Nepal hukumati joriy yilning 4 sentyabr kuni ayrim messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov joriy qilgan edi. 8 sentyabr kuni Katmandu va boshqa yirik shaharlarda minglab namoyishchilar hukumat choralariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlariga chiqdi. 9 sentyabr kuni noroziliklar fonida hukumat ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni olib tashladi.
Namoyishlar rasmiy yetakchilarsiz o‘tgani bilan, ularning yuzi “Biz Nepal uchun” yoshlar nodavlat tashkiloti raisi Sudan Gurung bo‘ldi. Mazkur tashkilot yoshlarning jamiyatni o‘zgartirishdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi, internetda senzura va korrupsiyaga qarshi chiqadi.
Ma’lumot uchun, Nepal – Janubiy Osiyoda joylashgan, aholisi 30 millionga yaqin kichik davlat bo‘lib, Himolay tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan. Mamlakat iqtisodiyoti asosan qishloq xo‘jaligi, turizm va chet elda ishlayotgan fuqarolarning pul o‘tkazmalariga tayanadi, rivojlanishi sekin kechmoqda. Mamlakat ish o‘rinlari yetishmovchiligi, Hindiston va Xitoyga savdoda qaramlik kabi muammolarga duch kelmoqda. Ko‘pincha Nepal iqtisodiyoti zilzilalar, suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlardan zarar ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal janubida Hindiston bilan chegaraga yaqin joylashgan Navalparasi tumani g‘arbiy qismidagi qamoqxonadan mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar fonida 500 dan ortiq mahbus qochib ketgan haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi