Nukusda rekord miqdorda aliment puli to‘landi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida fuqaro 1 nafar farzandi uchun 2,2 mlrd so‘mlik aliment mablag‘ini bir kunda to‘lab, rekord o‘rnatdi. Bu Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.B. dan uning sobiq turmush o‘rtog‘ining foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun u voyaga yetguniga qadar aliment undirish belgilangan.

Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlariga olib borilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdor Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limiga borib, farzandi 18 yoshgacha to‘lgunga qadar to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pullarini oldindan to‘lash istagini bildirgan.

Shunda davlat ijrosi tomonidan qarzdorga Vazirlar Mahkamasining “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 808-sonli qaroriga muvofiq farzandi voyaga yetguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment pullarini oldindan to‘lashi mumkinligi tushuntirilgan va kelgusi 13 yil davomida to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pullari hisoblab chiqilgan bo‘lib, u 2 milliard 270 million 812 ming so‘mni tashkil etgan.

Shundan keyin undiruvchi MIB Nukus shahar bo‘limiga kelib, hisoblab chiqilgan 2 mlrd so‘mdan ortiq aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘idan olganini bildirib tilxat bergan.

MIB tomonidan nima sababdan fuqaroning aliment uchun oldindan to‘lov summasi bu qadar yirik miqdorda hisoblanganligi ham ochiqlandi. Qayd etilishicha, sudning qaroriga asosan aliment to‘lovi qarzdor fuqaroning oladigan oylik ish haqi va daromadlari hisobidan undirilishi nazarda tutilgan, shu bois oldindan to‘lov summasi fuqaroning ish haqi miqdori ko‘p bo‘lgani uchun shunday belgilangan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu aliment uchun to‘langan pul MIB tarixidagi rekord summa hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida Majburiy ijro byurosi xodimlari qarzdordan pulni undirish uchun qiz bola rolini o‘ynab, “maxsus uchrashuv” tashkil etgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Nukus Qoraqalpog'iston aliment

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing