Obid Hakimov Prezident maslahatchisi bo‘ldi
Jamiyat
−
30 Oktabr 8615 1 daqiqa
Hakimov Obid Orziqulovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bugun, 30 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan farmonda so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, Hakimov yangi ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Hakimov 1977 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent moliya institutini, 2000 yilda Vanderbilt universiteti (AQSH) va 2006 yilda Midl Tennessi davlat universitetini (AQSH) tamomlagan.
O‘z vaqtida u Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetida iqtisodiyot masalalari bo‘yicha prorektor va Davlat boshqaruvi akademiyasida prorektor bo‘lib ishlagan.
2017-2018 yillarda Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati sektor mudiri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Obid Orziqulovich Hakimov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimiga joriy yilning 30 iyul kuni tayinlangandi.