OpenAI dunyodagi eng qimmat startapga aylandi
Texnologiya
−
02 Oktabr 3064 2 daqiqa
AQSHning sun’iy intellekt texnologiyalari ishlab chiqishda yetakchi hisoblangan OpenAI kompaniyasi dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyaga aylandi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
OpenAI SpaceX’ni ortda qoldirib, xodimlari aksiyalarini sotganidan so‘ng 500 milliard dollarlik bahoga erishgan. Hozirgi va sobiq xodimlar OpenAI aksiyalarini 6,6 milliard dollarga yaqin summada sarmoyadorlarga sotgan. Xaridorlar orasida Thrive Capital, Soft Bank Group Corp., Dragoneer Investment Group, MGX va T. Rowe Price bor. Bungacha dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniya Ilon Maskning kosmik kompaniyasi SpaceX hisoblanardi.
2025 yil boshida OpenAI kapitalizatsiyasi 300 milliard dollar deb baholangan. Maskning kompaniyasi hozir 400 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Ushbu ikki startap uzoq vaqtdan beri o‘zaro raqobat qilib keladi va hatto bir-biriga qarshi sudga murojaat qilgan.
Ma’lumot uchun, OpenAI 2015 yil dekabrida Sem Altman va Ilon Mask tomonidan asos solingan. Mask 2018 yilgacha direktorlar kengashida bo‘lgan. 2023 yilda esa u o‘zining xAI nomli sun’iy intellekt startapini tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX asoschisi va amerikalik tadbirkor Ilon Mask 500 mlrd dollar boylikka ega tarixdagi ilk odamga aylangani haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Maskning boyligi dastlab yarim trillion dollarga yetgan. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 499,1 mlrd dollargacha pasaygan bo‘lsa ham, u hozirda Larri Ellisondan 100 mlrd dollardan ortiq daromadga ega dunyodagi ilk trillionerlikka nomzod bo‘lib turibdi.
Live
Barchasi