Otasi o‘rmonga tashlab ketgan 2 yoshli bola mo‘’jiza sabab tirik qoldi (video)

Olam

image

Joriy yilning 2 may kuni Hindistonning Madxya Pradesh shtatida otasi o‘rmonga tashlab ketgan 2 yoshli bola mo‘’jiza sababli tirik qoldi. Bu haqda “Times of India” xabar berdi.

Qayd etilishicha, atigi 2 yoshli bola otasi tomonidan yovvoyi hayvonlarga to‘la o‘rmonga tashlab ketilganiga qaramay, qariyb 20 soat davomida yolg‘iz yurib, omon qolgan.

Voqea bolaning onasi o‘ldirilganidan keyin boshlangan. Hodisadan so‘ng, erkak o‘z farzandini mototsiklga mindirib, aholi yashamaydigan o‘rmon hududiga olib borgan va u yerga tashlab ketgan.

Kichkina bola o‘rmon ichida mutlaqo yolg‘iz qolgan. U oyoqyalang, deyarli himoyasiz holda, yovvoyi hayvonlar yashaydigan hududda instinktiv ravishda harakat qilib, uzoq vaqt davomida yurishda davom etgan.

Tergov davomida dastlab otasi huquq-tartibot organlarini chalg‘itgan va bolaning qayerdaligini aniq aytmagan. Shu sababli, qidiruv ishlari kech boshlangan. Keyinchalik politsiya, qutqaruvchilar va mahalliy aholi ishtirokida keng ko‘lamli qidiruv operatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. O‘rmon hududi, dalalar, suv manbalari va xavfli joylar birma-bir tekshirilgan.

Qariyb 20 soatdan so‘ng, ertalab qutqaruvchilar o‘rmon ichidan juda sust ovozni eshitib qolgan. Shu ovoz orqali ular bolani topishga muvaffaq bo‘lgan. Bola juda holdan toygan, chanqagan va och qolgan bo‘lsa-da, tirik edi.

Bu holat ko‘pchilik tomonidan haqiqiy mo‘’jiza sifatida baholanmoqda. Chunki bu yoshdagi bolaning o‘rmon sharoitida, ochlik va xavf ostida deyarli bir sutka yashab qolishi nihoyatda kam uchraydigan hodisa hisoblanadi.

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov ishlari davom etmoqda, bolaning otasiga nisbatan og‘ir jinoyat bo‘yicha ayblov qo‘yilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bolani topgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Madx'ya Pradesh 2 yoshli bola

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing