Ozarbayjondan “javob”: Bakudagi reydda bir guruh rossiyaliklar ushlandi (video)

Olam

image

Bugun, 1 iyul kuni Ozarbayjonning Baku shahrida yana bir nechta Rossiya fuqarolari hibsga olindi. Ularning ikki jinoiy guruhga aloqasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bu haqda “Report.az” xabar berdi.  

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular narkotik moddalarni Eron orqali tranzit qilish, ularni onlayn tarzda sotish va kiberfiribgarlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi ikki jinoiy guruh faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qildi va guruh a’zolari orasida Rossiya fuqarolari ham borligini bildirdi. Ushbu guruhlarning giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi va kiberjinoyatlarga aloqasi borligi aytilmoqda.

Ushbu holat mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritildi. Operatsiya vaqtida olingan videolarda gumondorlarning yerga yotqizilib, qo‘llari bog‘lanib olib ketilayotgani, ayrimlarining yuzida qon izlari borligi aks etgan. Ular zanjirga o‘xshash tarzda yurishga majburlangan, hatto ba’zilari cho‘kka tushirilgan holatda olib ketilgan.

Qayd etish joiz, ushbu voqealar Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy keskinlik fonida yuz bermoqda. Hammasi joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yeketerinburg shahrida Ozarbayjon fuqarolariga qarshi o‘tkazilgan reyddan so‘ng boshlandi. Ushbu reyd davomida 2 nafar Ozarbayjon fuqarosi – aka-uka Safarovlar vafot etdi. Buning ortidan Ozarbayjon davlat televideniyesi Rossiya Prezidentini keskin tanqid qildi. Mamlakatda Rossiya tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi hamda Milliy Majlis raisining birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etmasligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu mojarolar fonida Ozarbayjon politsiyasi “Sputnik Ozarbayjon” ofisida o‘tkazgan operatsiya chog‘ida nashrda ishlayotgan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlarini qo‘lga olgandi. Qo‘lga olinganlar Ozarbayjon Jinoyat kodeksining firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va jinoyat yo‘li bilan olingan mol-mulkni qonuniylashtirish moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilmoqda. Ikki kishi hibsga olinib, yana besh kishi jinoiy javobgarlikka jalb etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Eketerinburg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing