Pezeshkiyon Isroil zarbalari oqibatida yaralandi – OAV

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroilning Tehronga bergan zarbalari davomida yengil jarohat oldi. Bu haqda “Fars News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pezeshkiyon 16 iyun kuni Isroil tomonidan Tehronga qilingan zarba vaqtida oyoq sohasidan yengil jarohat olgan. Bu voqea Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashining yig‘ilishi chog‘ida sodir bo‘lgan. 

Xabarga ko‘ra, Isroil kuchlari binoning kirish va chiqish yo‘laklariga olti bomba bilan zarba bergan. Oqibatda bino ichida elektr ta’minoti uzilgan, ammo amaldorlar favqulodda chiqish yo‘lagi orqali tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Tehron hozirda zarbaning juda aniq koordinatalar asosida amalga oshirilganini inobatga olib, “ichki josuslik bo‘lishi ehtimoli” yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

Nashrning yozishicha, bu hujum 2024 yilning 27 sentyabrida Isroil tomonidan Livan poytaxti Bayrut yaqinida joylashgan “Hizbulloh” markaziy shtabiga uyushtirilgan hujum ssenariysi asosida ishlab chiqilgan. O‘sha hujumda tashkilot rahbari Hasan Nasrulloh halok bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroil uni o‘ldirishga uringanini ma’lum qilgandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, suiqasdga urinish paytida u “qanday qilib oldinga siljish mukinligi” masalalari muhokama qilinayotgan yig‘ilishda ishtirok etayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda Isroil yig‘ilish o‘tayotgan hududga zarba berishga uringan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Tehron Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing