Pokiston-Afg‘oniston mojarosi ortidan pomidor narxi oshib ketdi

Olam

image

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaralarning yopilishi har ikki mamlakatda ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishiga sabab bo‘ldi, jumladan, joriy oy boshida janubiy osiyolik ikki qo‘shni o‘rtasida jang boshlangach, Pokistonda pomidor narxi besh baravar qimmatlashdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar 11 oktyabrdan buyon yopiq holda qolmoqda. Bu Pokistonning havo hujumlari va qurolli to‘qnashuvlaridan keyin sodir bo‘ldi – mojaro 2 600 km uzunlikdagi nizoli chegara bo‘ylab kechib, har ikki tarafda ham o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Bu 2021 yilda “Tolibon” Qobulni egallaganidan beri kuzatilgan eng qattiq to‘qnashuv bo‘ldi.

Qobuldagi Pokiston-Afg‘oniston savdo palatasi rahbari Xon Jan Alokozayning aytganicha, jang boshlangandan beri barcha savdo va tranzit to‘xtatilgan.

“Har kuni har ikki taraf taxminan 1 million dollar yo‘qotmoqda”, dedi u.

Meva-sabzavot, minerallar, dori-darmon, bug‘doy, sholi, shakar, go‘sht va sut mahsulotlari ikki davlat o‘rtasidagi yiliga 2,3 milliard dollarlik savdo hajmining asosiy qismini tashkil etadi.

Pokiston taomlarida keng qo‘llanadigan pomidor narxi 400 foizdan ko‘proq oshib, 1 kg uchun taxminan 600 pokiston rupiyasiga ($2,13) yetdi. Afg‘onistondan asosan import qilinadigan olma narxi ham keskin oshgan.

“Har kuni eksport uchun 500 taga yaqin sabzavot konteynerlarimiz bor, ularning barchasi to‘xtab qoldi”, dedi Alokozay.

Pokistonning shimoliy g‘arbidagi asosiy Torxam chegara o‘tkazish nuqtasidagi rasmiyning ma’lumoticha, taxminan 5 000 ta konteyner har ikki tarafda ham to‘xtab qolgan. Uning aytishicha, bozorda pomidor, olma va uzum tanqisligi allaqachon sezilmoqda.

Chegaradagi to‘qnashuvlar Islomobod tomonidan Qobuldan chegara ortidan Pokistonga hujum qilayotgan jangarilarni to‘xtatishni talab qilgandan so‘ng boshlangan. Pokiston ular Afg‘oniston hududidagi panohgohlarda faoliyat yuritayotganini aytgan, ammo “Tolibon” bu ayblovlarni rad etgan.

Qatar va Turkiyada o‘tgan hafta so‘ngida o‘tkazilgan muzokaralarda otashkesim to‘g‘risida kelishuvga erishilgan va u hozircha amal qilmoqda, ammo chegara orqali savdo hali ham qayta tiklanmagan. Keyingi muzokaralar 25 oktyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Pokiston pomidor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing