Pokiston sobiq bosh vaziri va uning xotini 17 yilga hukm qilindi
Olam
−
20 dekabr 4264 2 daqiqa
Bugun, 20 dekabr kuni Pokiston sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini korrupsiya ishi bo‘yicha 17 yillik qamoq jazosiga hukm etdi. Imron Xon bu vaqtda allaqachon boshqa aylov bilan qamoq jazosini o‘tayotgandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pokiston Federal qidiruv agentligining maxsus sudi e’lon qilgan hukmga ko‘ra, 10 yil ishonchni suiiste’mol qilganlik uchun va 7 yil korrupsiyaga qarshi kurash qonunlari asosida tayinlangan.
Mazkur jinoiy ish Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon tomonidan rasmiy tashriflar chog‘ida Imron Xonga sovg‘a qilingan hashamatli soatlarga bog‘liq. Prokuratura talqiniga ko‘ra, Xon va uning rafiqasi sovg‘alarni saqlash qoidalarini buzgan holda, ushbu buyumlarni davlatdan juda past (arzonlashtirilgan) narxlarda sotib olgan.
Axborot vaziri Attaulla Tararning so‘zlariga ko‘ra, ushbu noqonuniy xarid oqibatida davlat byudjetiga bir necha million rupiy zarar yetkazilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Imron Xon 2023 yilning avgustidan buyon panjara ortida. U hozirda yer bilan bog‘liq boshqa bir korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Yangi tayinlangan 17 yillik jazo muddati avvalgi muddat yakunlangach boshlanishi bildirdi.
Sobiq bosh vazir 2022 yilda lavozimidan chetlatilganidan beri korrupsiya, terrorizmga qarshi kurash va davlat sirlarini oshkor qilish kabi ishlar bilan ayblanmoqda.
Xonning partiyasi ushbu ishlarni siyosiy motivga ega deb hisoblaydi. Xonning yana bir advokati Salmon Safdarning ma’lum qilishicha, sobiq bosh vazir yangi sud qarori ustidan Islomobod Oliy sudiga apellyatsiya berish bo‘yicha topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Imron Xon qamoqxonada vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu o‘z tasdig‘ini topmagandi.
Live
Barchasi