Pokistonda terrorchilar harbiy shtabga hujum qildi
Olam
−
24 noyabr 2691 2 daqiqa
Bugun, 24 noyabr kuni xudkush-terrorchi Pokistonning harbiylashtirilgan kuchlari shtab-kvartirasini nishonga oldi. Hujum oqibatida uch nafar xodim halok bo‘ldi, besh nafar harbiy yaralandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, terrorchilar Peshovar shahridagi Chegara qo‘mondonligi shtab-kvartirasiga hujum qilgan.
“Birinchi xudkush-terrorchi konstabulyarning asosiy kirish qismiga hujum uyushtirdi, qolganlari esa binoga kirgan”, dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan yuqori lavozimli amaldor.
Uning aytishicha, armiya va politsiya hududni o‘rab olib, vaziyatni ehtiyotkorlik bilan nazorat qilmoqda. Rasmiylar binoda yana terrorchilar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Besh yarador, jumladan, ikki harbiy xodim shifoxonaga yetkazilgan. Ularning ahvoli haqida rasmiy ma’lumot keltirilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, Chegara qo‘mondonligi shtab-kvartirasi Peshavordagi aholi gavjum hududda joylashgan. Hozirda yo‘llar qatnov uchun yopilgan, hudud armiya va politsiya tomonidan to‘sib qo‘yilgan.
Hujum uchun hozircha hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
So‘nggi haftalarda Pokiston shimoli-g‘arbiy hududlarida jangarilar hujumlarni kuchaytirgan. Bu jarayon Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yaqinda keskinlashgan chegaraviy vaziyat ortidan kuchaygani aytiladi. Pokiston jangarilar Afg‘onistonda boshpana topayotganini da’vo qilmoqda, Qobul esa bu ayblovni rad etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11 noyabr kuni Pokiston poytaxti Islomobodda avtomobil portlab ketgandi. Oqibatda kamida 12 kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohat olgandi. Hukumat va politsiya bu voqeani terrorchilik hujumi deb hisoblagani haqida xabar berilgandi.
Komila Qobilova
Live
Barchasi