Poyezdga tibbiy buyumlarni yashirgan vagon kuzatuvchilari ushlandi (video)

3-sahifa

image

Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga noqonuniy olib kelinayotgan 2,4 mlrd so‘mlik tibbiy buyum va dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida bojxona idoralari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

Xususan, “Volgograd – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan poyezd “Qoraqalpog‘iston – temiryo‘l” xalqaro o‘tkazish punktida tekshirilgan. Natijada 7-vagon kuzatuvchisi bo‘lgan – Samarqand shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan vagonning havo aylantirish shaxtasiga yashirib qo‘yilgan, taxminan 913 mln so‘mlik 30 turdagi 2742 dona stomotologik buyumlar, implantlar va uskunalar borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, poyezdning 12-vagonida ham shunga o‘xshash holat aniqlanib, vagon kuzatuvchisi bo‘lgan – Toshkent shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan bojxona ko‘rigidan yashirin ravishda olib kirilgan, taxminan 1,5 mlrd so‘mlik 12 turdagi jami 894 dona dori vositalari hamda tibbiy anjomlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, vagon kuzatuvchilari moddiy manfaatdorlik evaziga tibbiy buyum va dori vositalarini Toshkent shahriga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida sifati kafolatlanmagan 3 turdagi 7 600 quti xirurgiya igna ipini 10 ming dollarga sotayotgan shaxslar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

dori tibbiy buyum vagon kuzatuvchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing