Prezident Mirziyoyevni haqorat qilgan yigit qamaldi
3-sahifa
−
10 iyun 97704 2 daqiqa
Samarqandlik 20 yoshli yigit Instagram sahifasi orqali O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilgani uchun 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Samarqand viloyati sudida ko‘rilgan ish hujjatlariga ko‘ra, 2004 yilda Ishtixon tumanida tug‘ilgan yigit 2023 yilning fevral oyida o‘ziga tegishli telefon orqali Instagram ijtimoiy tarmog‘ida President family nomli videolavhaga “avlodingga ...Sh.M.Mirziyoyev” deb post qoldirib, O‘zbekiston Prezidentini haqorat qilgan. 2023 yilning oktyabr oyida esa yigit sudlangan va unga 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yigit ushbu qarordan norozi bo‘lib, sudga shikoyat bildirgan.
Sudlangan yigit taftish shikoyatida, uning shaxsi, yoshi, oilaviy ahvoli, oilada yagona boquvchi ekanligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Taftish sudida sudlanuvchi o‘zining aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
Qolaversa, u Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni iltimos qilgan.
Ushbu ishni Samarqand viloyat sudi taftish tartibida ko‘rib chiqib, uning natijalariga ko‘ra birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmini, ajrimini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi belgilangan. Shu bois, sudlov hay’ati, shikoyatda keltirilgan vajlar sud qarorlarini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la olmasligi sababli sud qarorlarini o‘zgarishsiz, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim deb topgan.
Shunday qilib, sudlangan yigitga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 26 oktyabrdagi hukmi va Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2024 yilning 22 avgustdagi ajrimi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilgan va unga Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi bilan 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash belgilangan.
Live
Barchasi