Rahmon Tramp bilan terrorizmga qarshi kurashishga kelishib oldi
Olam
−
07 noyabr 3082 2 daqiqa
Kecha, 6 noyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Vashington shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu haqda Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va hamkorlik istiqbollari yuzasidan keng ko‘lamli masalalar muhokama qilingan. Muloqot avvalida Imomali Rahmon Prezident Donald Trampga taklif va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirgan. Suhbat davomida davlat rahbari turli mintaqalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash muhimligini qayd etib, barqarorlik barcha mamlakatlarning izchil rivojlanishi uchun bebaho omil ekanini ta’kidlagan.
Ikki tomonlama aloqalarni yoritishda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Uchrashuvda hozirda Tojikistonda Amerika kapitali ishtirokidagi 70 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritayotgani ta’kidlangan. Ayniqsa, konchilik, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, jumladan noyob metallar sohasidagi umumiy loyihalar ijobiy baholanib, ularni kengaytirish manfaatli ekani bildirilgan.
Shuningdek, tomonlar orasida hali to‘liq ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud ekani aytilgan. Energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, ilm-fan, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun istiqbolli sohalar sifatida tilga olingan.
Uchrashuvning muhim qismida zamonaviy tahdid va xavflarga qarshi kurash masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Jumladan, terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.
Shuningdek, global va mintaqaviy jarayonlar yuzasidan samarali fikr almashinuvi bo‘lib o‘tgan. Tomonlar xalqaro xavfsizlik, iqtisodiyot va diplomatik munosabatlar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazgandi.
Live
Barchasi