Ramzan Qodirov Alla Pugachyovani “xalq dushmani va sotqin” deb atadi

Olam

image
Alla Pugachyovaning qasri “xorijiy agentlar” uchun qamoqxonaga aylantiriladi  north_east

Alla Pugachyovaning qasri “xorijiy agentlar” uchun qamoqxonaga aylantiriladi 

Pugachyova ham “xorijiy agent”ga aylanadimi? Kreml javob berdi  north_east

Pugachyova ham “xorijiy agent”ga aylanadimi? Kreml javob berdi 

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainadagi urush va Rossiya rasmiylarini tanqid qilgan qo‘shiqchi Alla Pugachyovani “xalq dushmani va sotqin” deb atadi. Bu haqda Qodirov kecha, 15 sentyabr kuni o‘zining Telegram sahifasida post qoldirdi.

Qodirov to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtibos keltirmagan. Ammo u Pugachyova chechen bo‘lginchilarining o‘ldirilgan rahbari, 1991 yildan 1996 yilgacha Checheniston prezidenti bo‘lgan Johar Dudayev haqida maqtovli so‘zlar gapirgani ortidan unga munosabat bildirgan.

10 sentyabr kuni chiqqan va millionlab marta ko‘rilgan rossiyalik jurnalist Katerina Gordeyevaga bergan intervyusida Pugachyova Dudayev “odobli, aqlli, kelishgan odam” ekanini aytdi. Pugachyova intervyusida boshqa narsalar qatori birinchi Chechen urushini ham tilga oldi.

“Birinchi Chechen urushini juda yaxshi eslayman, chunki men Joxar Dudayevni taniganman. U naqadar odobli va hurmatli, aqlli, kelishgan odam edi. Xotini ham qanday yaxshi ayol. Rassom, yozuvchi, siyosatchi. U men yordam bera olishimga ishonib, menga qo‘ng‘iroq qildi. Lekin qanday yordam bera olardim? Hech narsa qilolmasdim. Endi u bilan salomlashishga ham uyalaman”, dedi qo‘shiqchi.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Pugachyova “chechen xalqi uchun eng og‘ir davr haqida ahmoqona fikr yuritmoqda”.

Checheniston rahbari Dudayevni tanqid qilib, uni “chechen xalqi muammolariga e’tibor bermaslik”da aybladi va shu bilan birga, 1994 yilda Chechenistondagi urushni “Berezovskiy kabi Pugachyovaga o‘xshagan xoinlar” boshlaganini da’vo qildi.

Ramzan Qodirovning o‘zi 1994-1996 yillardagi Chechenistondagi birinchi urushda, ya’ni Dudayev boshchiligida federal kuchlarga qarshi kurashgan. Uning otasi Ahmat Qodirov Checheniston muftiysi va Dudayevning safdoshlaridan biri edi, keyin o‘g‘li kabi Rossiya tomoniga o‘tib, ayirmachilarga muxolif bo‘ldi.

Pugachyova intervyusida Ukrainadagi urushga ham o‘z bahosini berdi. U har doim yangi urushlarni boshlash xato deb hisoblashini aytdi. Pugachyova, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Maksim Galkin “xorijiy agent” deb tan olinganidan keyin u amalda Rossiyani tark etishga majbur bo‘lganini aytdi.

Qodirov Kremlparast sharhlovchilar tanqidiga uchragan Pugachyovaning boshqa bayonotlariga, xususan, Ukrainadagi urushga bergan bahosiga hech narsa demagan.

Kreml ham so‘nggi o‘n yilliklardagi eng mashhur rus estrada artistlaridan biri Pugachyova bilan suhbatga izoh bermadi.

2015 yilda Ramzan Qodirov Checheniston politsiyasi boshlig‘ining voyaga yetmagan qizga uylanishi tanqidiga javob berish bilan bir barobarda Pugachyovani “hammaning suyuklisi” deb atagan edi.

Dudayev haqidagi gaplar tufayli Pugachyovaga nisbatan ham bir yarim milliard rubllik (224 milliard 385 million so‘m) da’vo qo‘zg‘atildi (sud uni ko‘rib chiqish uchun hali qaror qabul qilmagan).

Ma’lumot uchun, Johar Dudayev 1990 yillarda chechen bo‘lginchilari yetakchisi va o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Checheniston Respublikasi Ichkeriyaning birinchi prezidenti bo‘lgan. U 1996 yilning aprel oyida rus raketasi tomonidan o‘ldirilgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Alla Pugachyova xorijga ketgan. Katerina Gordeyeva bilan suhbat xonandaning urush boshlanganidan beri birinchi yirik intervyusi bo‘ldi. Besh kun ichida u 17 million martadan ortiq ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 17 yoshli o‘g‘li, Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi Adam Qodirov berilayotgan mukofotlarga munosib ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston Maksim Galkin xorijiy agent Alla Pugacheva Johar Dudaev Katerina Gordeeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing