Rizo Pahlaviy butun Eron aholisini namoyishga chiqishga chaqirdi (video)
Olam
−
07 yanvar 15364 2 daqiqa
Eron so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li – Rizo Pahlaviy butun mamlakat aholisini 8 va 9 yanvar soat 20:00 da bir vaqtning o‘zida namoyishga chiqishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 6 yanvar kuni tunda ijtimoiy tarmoqlar orqali fors tilida chiqargan video murojaatida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shahzoda xalqqa qilgan murojaatida ularning hafta davomida qilgan namoyishlarini kuzatganini, “zo‘ravon rejim”ning bosimiga qaramay xalqning kurashayotganini e’tirof etgan. Shuningdek, Pahlaviy o‘z nutqida Eron xalqini harakatdan to‘xtamaslikka chorlagan.
“Namoyishlarni tartibli va iloji boricha keng doirada saqlash juda muhim. 8 va 9 yanvar kunlari qayerda bo‘lsangiz ham soat 20:00 da shiorlar bilan namoyishni boshlang. Sizning javobingizga qarab keyingi chaqiruvlarni e’lon qilaman”, degan u.
Shuningdek, shahzoda Eron xavfsizlik kuchlariga ham murojaat qilib, ular tarixiy tanlov oldida turganini, yo “jinoyatchilar” bilan bir tarafda turish, yo xalq bilan bo‘lishni tanlashi kerakligini aytib o‘tgan.
“Qurollaringizni odamlarga qarshi ishlatmang, aksincha ularni himoya qiling. Shunda nafaqat milliy burchingizni bajarasiz, balki o‘zingiz va oilangiz kelajagini ham himoya qilgan bo‘lasiz”, degan Pahlaviy.
U o‘zining tashkil etgan Milliy hamkorlik platformasi orqali minglab rejim ichidagi xodimlarning muxolifatga qo‘shilganini ma’lum qilgan.
“The Jerusalem Post”ning yozishicha, kurd muxolifati partiyalari ham ertaga, 8 yanvar kuni aholini umumiy ish tashlashga va aholisi ko‘p bo‘lgan viloyatlarda namoyishlarni kuchaytirishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Eronda to‘qqiz kundan beri davom etayotgan ko‘cha namoyishlarida kamida 35 kishi halok bo‘lib, 1200 dan ortiq odam hibsga olingan edi.
Live
Barchasi