“Ronaldo” boshliq: Andijonda yollanma qotillikning oldi olindi (video)
3-sahifa
−
13 fevral 7145 2 daqiqa
Andijon viloyatida tadbirkorni 1500 dollar evaziga o‘ldirishga kelishgan yollanma qotil va uning sheriklari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 4 fevral kuni Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, o‘ziga nisbatan suiqasd rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan. Arizada besh kishidan iborat uyushgan jinoiy guruh 1500 AQSH dollari evaziga uni qasddan o‘ldirish uchun yollanma qotil bilan kelishuvga erishgani bildirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yordam so‘ralgan.
Mazkur murojaat asosida Andijon viloyati IIB, Davlat xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida Paxtaobod tumani hududida maxsus tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 2000 yilda tug‘ilgan, avval ham bir necha bor sudlangan shaxs tadbirkorni o‘ldirish evaziga kelishilgan 1500 dollarning bir qismi — 300 ming so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor harakatlar davomida guruhning boshqa a’zolari ham ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, “Ronaldo” laqabli, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs jinoiy guruhga boshchilik qilgan. U va yana bir necha gumonlanuvchilar muqaddam turli moddalari bilan sudlangan bo‘lib, ular orasida tibbiyot muassasasi rahbari ham bor. Shuningdek, 2003 yilda tug‘ilgan talaba ham jinoiy harakatlarga jalb etilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi ikkinchi qismi “p” bandi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarning xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Marsel shahrida taksi haydovchisini o‘ldirganlikda ayblanayotgan 15 yoshli bola haqida xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘smir giyohvand modda sotuvchilari tomonidan onlayn tarzda yollangan. Uni Marselga olib kelib, qurol berishgan va raqib to‘da a’zosini o‘ldirish uchun shartnoma tuzilgan. Voyaga yetmagan qotil taksi buyurtma qilgan, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra haydovchi bilan janjallashib, uni otib tashlagan. Bundan xabar topgan qotillik tashkilotchilari politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, buyruqni bajarmagan o‘smirni “sotgan”.
Musulmon Sodiq
Live
Barchasi