Rossiya 11 oyda migrantlarni chiqarib yuborishga 830 mln rubl sarfladi
Olam
−
16 yanvar 9484 2 daqiqa
2025 yilning 11 oyi davomida Rossiya hududlari xorijiy fuqarolarni ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish uchun aviachiptalar xaridiga 828,5 million rubl yo‘naltirdi. Bu haqda “Tenderplan” ma’lumotlariga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb 30 foizga oshgan. Bu hajmdagi xarajatlar 2026 yil uchun Ingushetiya byudjeti taqchilligi bilan teng.
Xarajatlar oshishining asosiy sabablari quyidagilar:
- noqonuniy migratsiya ustidan nazoratning kuchaytirilishi;
- MDH mamlakatlari bo‘yicha aviachiptalar narxining o‘rtacha 2,7 foizga qimmatlashgani;
- “kompleks xizmatlar paketlari”ga (chipta, kuzatuv va tibbiy ta’minot birgalikda) o‘tilgani.
Eng katta xarajat Markaziy federal okrug hissasiga to‘g‘ri kelgan – qariyb 343 million rubl (30,5 foiz o‘sish). Shimoli-g‘arbiy federal okrugda xarajatlar deyarli ikki baravar oshib, 206,8 million rublni tashkil etgan. Ural federal okrugi esa rekord sakrashni ko‘rsatgan – xarajatlar 20 baravar oshib, 537,6 ming rubldan 11 million rublga yetgan.
2025 yil fevralidan boshlab migrantlarni chiqarib yuborish vakolatlari sudlardan Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga o‘tkazilgan. Bu jarayonni tezlashtirgan: endilikda qarorni bayonnoma tuzilganidan keyingi kunning o‘zidayoq IIV bo‘linmasi rahbari qabul qilishi mumkin.
Sud ijrochilari federal xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyida majburiy tartibda 54 ming 400 kishi Rossiyadan chiqarib yuborilgan. IIV eslatishicha, agar xorijiy fuqaro davlat tomonidan uning vataniga yuborilishi uchun sarflangan xarajatlarni qoplamasa, qarz to‘liq to‘lanmaguncha Rossiyaga kirishi taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 2027 yil oxirigacha xorijiy fuqarolarning mamlakat ichidagi harakatlanishini nazorat qiluvchi yangi axborot tizimi yaratilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi