Rossiya 2 shaharni egallaganini da’vo qildi, Ukraina buni inkor etmoqda
Olam
−
02 dekabr 6297 3 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Donetsk va Xarkov viloyatlarida joylashgan Pokrovsk va Volchansk shaharlarini egallagan. Bu haqda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov 30 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining Birlashgan guruh qo‘mondonligi punktiga tashrifi chog‘ida hisobot bergan.
Gerasimovning hisoboti haqidagi ma’lumotni Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov 1 dekabr kuni e’lon qildi.

Kreml saytida qayd etilishicha, “Markaz” va “Sharq” harbiy guruhlari qo‘mondonlari Valeriy Solodchuk va Andrey Ivanayev Putinga Donetsk viloyatidagi Mirnograd shahrining janubiy qismi nazoratga olingani va Zaporoje viloyatidagi Gulyaypole shahrini egallash operatsiyasi boshlangani haqida ham ma’lumot bergan.
Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi kundalik kechki hisobotida Pokrovsk yo‘nalishida janglar hali ham davom etayotganini bildirdi.
“Kun davomida Pokrovsk yo‘nalishida dushman Novoye Shaxovo, Dorojnoye, Nikanorovka, Belitskoye, Shaxovo, Rodinskoye, Mirnograd, Novoekonomicheskoye, Rovno, Pokrovsk, Zverovoye, Kotlino, Udachnoye, Molodetskoye, Novopodgorodnoye, Filiya aholi punkti yaqinlarida va Grishino yo‘nalishida 49 ta shturm va hujum amalga oshirdi. Hozirda janglar beshta lokatsiyada davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Hisobotda Volchansk atrofidagi janglar ham tilga olingan. Ukraina qo‘shinlarining yangi pozitsiyalarga chekinishi haqida esa ma’lumot berilmagan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan Parijdagi uchrashuvdan so‘ng 1 dekabr kuni Pokrovsk va Volchansk egallangani haqidagi Rossiya bayonotlarini rad etdi. Shu bilan birga, u Pokrovskdagi va boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat “mushkulligicha qolmoqda”, deb ta’kidladi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Rossiya tomonining bu bayonotlarini “G‘arb auditoriyasi uchun diplomatik bosimni oshirish” deb atadi. Kovalenkoga ko‘ra, Volchansk hali ham Ukraina Qurolli kuchlari nazoratida, xuddi Xarkov viloyatidagi Kupyansk shahri kabi. Gerasimov oldinroq Kupyansk “egallangani” haqida ham Putinga hisobot bergan edi.
OSINT-loyihalarining front chiziqlaridagi o‘zgarishlarni kuzatish xaritalariga ko‘ra, Volchansk ham, Pokrovsk ham Rossiya armiyasi tomonidan to‘liq egallanmagan. Biroq Ukrainadagi OSINT-loyihasi DeepState avvalroq Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududlarini egallash sur’ati tezlashganini xabar qilgan edi.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshlarida Rossiya qo‘shinlari bir haftaga yetmas vaqtda Ukrainada 134 kvadrat kilometr hududni egallagan – bu oktyabr oyidagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p.
AQSHning Urushni o‘rganish instituti (ISW) baholashicha, Pokrovsk yo‘nalishida Rossiya qo‘shinlarining ilgarilashiga asosiy omil – Ukraina armiyasi logistikasini dronlar yordamida bir necha oy davomida izdan chiqarish strategiyasi bo‘lgan.
“Pokrovsk va Gulyaypole yo‘nalishida Rossiya armiyasi harakatlariga tuman va yomg‘ir kabi iqlim sharoiti ham yordam bergan”, deyiladi 15 noyabr voqealar tahlilida.
Live
Barchasi