Rossiya Markaziy Osiyoda ham harbiy operatsiya o‘tkazadi(mi?)
Tahlil
−
13 yanvar 8319 7 daqiqa
ROSSIYA MARKAZIY OSIYONI HAM "EGALLASHI" KERAK
“Rossiya Ukrainaga qilgan hujumi kabi harbiy amaliyotni Markaziy Osiyoda ham o‘tkazishi kerak!” Ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz. Rossiyalik o‘zini jurnalist deb atovchi shaxs biz va qo‘shnilarimizga hujum qilish kerakligini dangal, yana televideniye orqali aytmoqda.
Rossiyalik mashhur teleboshlovchi, Kremlga yaqin asosiy propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Armaniston hamda Markaziy Osiyo Rossiya uchun Suriya yoki Venesuyeladan ko‘ra, ancha muhim ekanini ta’kidlab, ularni yo‘qotish Moskva uchun “ulkan muammo” bo‘lishini aytdi. Solovev bu hududlarda ham Ukrainada bo‘lgani kabi “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazishga chaqirdi.
“O‘z maqsad va vazifalarimizni juda aniq shakllantirishimiz kerak. Ochiq aytishimiz lozim: o‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq ham, xalqaro tartib ham biz uchun ahamiyatsiz. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiyani boshlash zarur bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shu mulohazalardan kelib chiqib, nima uchun biz o‘z ta’sir zonamizdagi boshqa hududlarda ham maxsus harbiy operatsiyalarni boshlay olmasligimiz kerak?”, degan u.
So‘zlarga e’tibor berdingizmi? Ta’sir zonamizdagi deb ochiqchasiga aytmoqda. Bu jiddiy signal. Urush yoki ziddiyatning starti o‘q uzilishi yoki bomba portlashidan avval mana shunday media o‘yinlar, chiqishlar, bayonotlar orqali boshlanishi allaqachon normal holatga keldi.
“Solovyov LIVE” ko‘rsatuvida o‘z fikrini bildirgan mavjudot bundan tashqari, Markaziy Osiyoni “bizning Osiyo” deb atab, mintaqada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar Rossiya milliy xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishini iddao qildi. Ushbu shaxs o‘z chiqishida Rossiya rahbariyatini xalqaro huquq va xalqaro tartib masalalarini e’tiborsiz qoldirishga chaqirib, “o‘yin tugagani”ni aytdi.
“O‘z milliy doktrinamizni shakllantirib, aniq aytishimiz kerak: ta’sir zonamiz qayerlargacha cho‘ziladi? Shunda hammasi ravshan bo‘ladi. Hammasi tushunarli bo‘ladi. “Cho‘chqalarga marvarid sochish”ni to‘xtatishimiz va Yevropada nima deb o‘ylashlarini bizga farqi yo‘qligini ochiq aytishimiz kerak”, degan Solovyov.
Mutlaqo mustaqil davlatlar haqida gapirayotganini unutgan Solovyov, ko‘pchilik tomonidan “be’mani” deya ta’riflanayotgan nutqi davomida yana xalqaro huquqlarni bir tiyinga olmasligini anglatuvchi gaplarni aytdi.
Rossiya “ukrainaliklarga nisbatan shafqat qilishni to‘xtatish kerakligi”ni ta’kidlab, urushning dastlabki haftalaridayoq shafqatsiz choralar ko‘rilganida, mojaro tezroq yakunlangan va kamroq talafot bo‘lardi, deya iddao qildi.
RUS PROPAGANDASI YANA AVJ OLDI
Rossiyalik media vakillari, siyosatchilar va taniqli shaxslar tomonidan bunday hurmatsizlik ruhidagi gaplar birinchi marta aytilayotgani yo‘q! 2023 yilda “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni taklif qilgan edi.
Matbuot anjumanida qatnashayotganlar esa uning gapini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagandi. Bu esa tabiyki, faqat bir amaldor emas juda ko‘pchilik Markaziy Osiyo davlatlarini o‘ziga qo‘shib olishni oqlashini va xohlashini anglatadi.
Rus propagandasida yuqoridagi kabi vaziyatlarning mantiqiy davom etishi ko‘p uchraydi. Misol uchun NTV telekanalidagi tok-shouda Mixail Smolin ismli "tarixchi" deya Rossiyada tan olinuvchi shaxs 1917 yilgi inqilobgacha o‘zbeklar xalq sifatida mavjud bo‘lmagani haqida gapirgandi. 2024 yil 21 yanvar kuni Vladimir Ilich Lenin vafot etganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan “Uchrashuv joyi” tok-shousida rus shovinist tarixchisi Mixail Smolin "inqilobdan oldin ozarbayjon, o‘zbek va qozoqlar hech qachon bo‘lmagan", degan da’vo bilan chiqdi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi nomidan gapiruvchi Mariya Zaharova ham O‘zbekistondagi rus tili bilan bog‘liq vaziyatlarda o‘zining bir tomonlama ayblovchi xulosalarini e’lon qilishi bilan yodimizda qolgan.
2024 yil cyentyabr oyida Toshkent shahridagi maktablardan biridagi rus tili darsida o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi "oyoqqa turdi". Chilonzor tumanidagi 188-maktabda 6-sinf o‘quvchisi rus tili fani darsida o‘qituvchiga gap qaytargan va tortishib qolgandi. O‘zbekistonda bo‘lgan bu holatga bir kun ham o‘tmay, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova o‘zining achchiq bayonoti bilan chiqdi. U o‘qituvchining o‘quvchisini rus tili darsida urishini “rus tiliga nisbatan adovat” sifatida qabul qilgan va bu bo‘yicha O‘zbekiston hukumatidan izoh talab qilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham 2025 yilning 23 aprelida Samarqandga kelib, Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘lgandi. “Uning bu harakatini mantiqsizlik sifatida baholash mumkin. Har holda mustaqil davlatimizda nima qanday yozilishini biz o‘zimiz hal qilamiz” mazmunida javob qaytarganlar ko‘p bo‘ldi.
JIM BO‘LISHGA NEGA MAJBURMIZ?
O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan zo‘ravonliklar bo‘lsa ham, bizdagi ishlarga amaldorlari "burun suqish”sa ham nega keskin javoblar qaytarilmaydi degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirishi mumkin. To‘g‘ri, onda-sonda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov, ba’zida esa Milliy Media Birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja kabi faollar o‘zlarining javobi bilan e’tiborga tushishadi. Biroq, rasmiy darajada, huddi Zaharova bizdan izoh talab qilganidek vaziyat yuzasidan tushuntirish so‘ralganiga guvoh bo‘lmaymiz.
Ehtimol buning sababi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining 2025 yil oktyabr oyida bergan ma’lumotlari bilan bog‘liqdir. Unga ko‘ra, bugungi kunda 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik rasman Rossiyada mehnat migranti maqomini olgan. Biroq, norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa 2 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani aytiladi. Tashqi ishlar vazirligining 2025 iyun oyida bergan ma’lumotida esa Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 1 milliondan kamroq. Raqamlar turlicha, biroq, mazmun va mohiyat o‘zgarmaydi. Ya’ni har bir gap o‘zbek muhojirlarining qismatini ham hisobga olib aytilishi, harakatlar esa shunga qarab bajarilishi kerak!
ROSSIYADA MARKAZIY OSIYOLIK MIGRANTLAR QANCHA?
ROSSTATning 2024-2025 yillardagi ma’lumotlaridan kelib chiqib ayni paytda Rossiyada 4-4.5 mln orasida Markaziy Osiyolik migrant mavjudligini aytish mumkin.
Bunda O‘zbekistonliklar ulushi eng katta qismni tashkil etadi. 1,8 dan – 2,1 mln gacha. Tojikistonlik migrantlar 1,1dan – 1,3 mln gacha, Qirg‘izistondan kelganlar 700 minggacha, Qozog‘istonliklar 400 minggacha va Turkmanistonlik ishchilar 100 ming nafargacha deb hisoblangan
Raqamlar o‘z-o‘zidan davlatlarning bir-biriga bog‘lanish va o‘zaro ehtiyoj darajasini ham ochiqlaydi. Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga ish, Rossiyaga esa ishchi kuchi kerak! Har holda o‘z fuqarolari bajarmaydigan og‘ir va xavfli turdagi ishlarning asosiy qismini mehnat muhojirlari “yopib beradi”.
Biroq, so‘nggi yillarda Rossiya siyosati migrantlarga nisbatan keskinlashdi. Turli reyd bahonalari bilan muhojirlar qo‘lga olinib, tergovga arzimas sabablar bilan olib ketiladigan, hatto Ukrainaga qarshi urushga jalb qilinadigan bo‘ldi. Qiynoqqa solish, ishlayotgan, cho‘milayotgan yoki uxlayotgan joyidan ashaddiy jinoyatchilar, mafiya to‘dasini qo‘lga olingandek qo‘llari qayrilib, yerga yotqizilib, tepkilanib olib ketila boshlandi. Hatto, maxsus ruxsatnoma asosida tashkil qilingan konsertgacha niqobli askarlar bostirib kirdi. Shunday ishlardan birida esa O‘zbekistonlik hamyurtimiz OMON guruhi qo‘lidan omon chiqmadi.
Rasmiylari, vazirliklari va bir qator mashhurlari tomonidan qilinayotgan bunday munosabat tabiiy ravishda xalq vakillari ichiga ham ko‘chdi. Ayrim Rossiya rasmiylari va xalqining aksar qismida haligacha Markaziy Osiyo ularga qaram ekani, oxiri “iston” bilan tugaydigan davlatlarning fuqarolari esa ularga xizmat qilishi kerakligi g‘oyasi saqlanib qolayotgandek. Har holda o‘zbekistonlik taksi haydovchisiga “sen mening qulimsan” degan rus erkagini, maktabida o‘zidan kichik tojik bolakayni o‘ldirgan vahshiy Timofeyni hali esimizdan chiqarmadik, unutolmasak ham kerak. Achinarlisi, bu vaziyatlar ommaga chiqib ketgan hodisalar xolos. Biz bilmagan ne-ne shahar burchaklarida qaysi bir vatandosh yo qondoshlarimiz qiynalyapti, bilmaymiz.
10 yoshli Qobiljonga qilingan shafqatsizlik aslida u davlatda migrantlarga nisbatan bo‘layotgan rasmiy munosabatning xalq orasidagi ifodasi deyish mumkin. Qobiljonni bir kishi o‘ldirmadi. Pichoqni bitta shaxs urgan bo‘lishi mumkin, ammo uning dastagida ko‘pchilikning izi bor. Sabablar yuqorida sanaldi. 10 yoshli bolaning badaniga urilgan pichoq zarblari soni rus o‘lkasida tarqalgan natsizm darajasini ko‘rsatar ehtimol. Vazirlari, rasmiylari, OAVlari tinimsiz o‘zini ulug‘lab, boshqalarni o‘ziga qaram ekanini ta’kidlayveradigan davlatda vaziyat boshqacha bo‘lishi ham qiyin.
RASMIY JAVOB QANDAY BO‘LADI?
Eng boshiga qaytamiz. Bugun bizning mintaqani “o‘zining Osiyosi” ekanini aytayotgan, biz va qo‘shnilarimiz ularning “ta’sir doirasidaligi”ni baralla bildirayotganlarga munosib javob bo‘lishi kerak. Tarixdan ma’lumki, bizning ajdodlarimiz zirhli sovutlar, otliq qo‘shinlar bilan dunyoning katta qismini egallayotgan, o‘z ilmi, bilimi bilan ziyo tarqatayotgan davrlarda Rossiya hududida cho‘chqaboqarlik fuqarolarning asosiy mashg‘uloti bo‘lgan. Davlatning iqtisodiy ahvoli ham shu chorvachillik bilan bog‘liq edi. Umid qilamizki, hamyurtimiz so‘roq paytida o‘ldirilganida rasmiy nota yubormagan Tashqi ishlar vazirligimiz bu gal munosib tarzda, keskin javob beradi.
Nurzodbek Vohidov
Live
Barchasi