Rossiya Navalniyning qurbaqa zahridan o‘lgani haqidagi ayblovlarga javob berdi
Olam
−
17 fevral 4109 1 daqiqa
Rossiya Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotining (KQTT) Texnik kotibiyatiga rasmiy nota yubordi. Bu haqda Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vladimir Tarabrin ma’lum qildi.
Hujjatda G‘arb davlatlari tomonidan Rossiya muxolif siyosatchisi Aleksey Navalniyning ikki yil oldin epibatidin toksini bilan zaharlanishi haqidagi barcha ayblovlar qat’iyan rad etiladi.
“Biz KQTT Texnik kotibiyatiga tegishli nota yubordik va uni tashkilotning barcha a’zo davlatlari o‘rtasida tarqatishni so‘radik. Bizga qaratilgan asossiz uydirmalarni qat’iyan rad etamiz. Shu bilan birga, biz Rossiya Federatsiyasi har doim faktlarga asoslangan ekspert muhokamalariga ochiq ekanligini ta’kidlaymiz”, degan u.
Tarabrin, shuningdek, epibatidinni o‘z ichiga olgan toksinlar KQTT tomonidan emas, balki Bakteriologik va toksin qurollarini taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya tomonidan tartibga solinishini eslatgan. Shuning uchun bu moddalar KQTT doirasida muhokama mavzusi bo‘la olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 fevral kuni Germaniya, Britaniya, Niderlandiya, Shvetsiya va Fransiya qo‘shma bayonot bergan edi. Hujjatda Navalniy Ekvador daraxt qurbaqasining terisidan olingan epibatidin toksini bilan zaharlangani aytilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu xulosaga Navalniyning biomaterial namunalarini tahlil qilish asosida erishilgan.
Live
Barchasi