Rossiyadagi chet elliklar soni 700 mingga kamaydi
Olam
−
05 may 1729 1 daqiqa
1 aprel holatiga ko‘ra, Rossiyada 6,1 million nafar xorij fuqarosi bo‘lib turibdi. Bir yil avval ularning soni 6,8 millionni tashkil etgan. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi apparati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, birinchi chorakda Rossiyaga 2,5 million nafar chet ellik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kirgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga kam degani. Migratsiya oqimining qariyb 1,8 millioni (72,4 foizi) MDH davlatlari fuqarolaridir.
“Ko‘rsatilgan davr mobaynida xorijliklarning yashash guvohnomalarini bekor qilish bo‘yicha 8,3 mingga yaqin qaror qabul qilingan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 90 foizga ko‘p”, deyiladi xabarda.
Hozirda Rossiyada yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijliklar soni 581 ming kishini tashkil etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil 1 dekabrdan boshlab 56 mingdan ortiq chet ellik soxta hujjatlar bilan Rossiyaga kirishga uringan. Shu davr ichida 10,5 million xorijlik biometrik ma’lumot topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumat Davlat dumasiga migrantlar uchun davlat bojlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etgan. Tuzatishlar Rossiya fuqaroligiga qabul qilish uchun yig‘imni 4,2 ming rubldan 50 ming rublgacha oshirishni nazarda tutadi. Rasmiylar ushbu o‘zgarishlar zaruratini, jumladan, Ichki ishlar vazirligining tekshiruvlar o‘tkazish va ma’lumotlar bazasini yuritish xarajatlari oshgani bilan izohlamoqda. Davlat dumasi ushbu tashabbusni ustuvor tartibda ko‘rib chiqish niyatida.
Live
Barchasi